Toshkentdagi Turin politexnika universiteti 2-kurs magistranti Firdavs Nematzoda O‘zbekistonda sun'iy ong sohasining istiqboli porloq bo‘lishiga ishonadi.  Ayni vaqtda u Italiyadagi Turin politexnika universitetida ta'limni davom ettirmoqda. Nematzoda robototexnika sohasi bo‘yicha ilmiy izlanishlarni amalga oshirgan va buning natijasida qator yutuqlarga erishishga ulgurdi. Jumladan,  o‘tgan yili Yaponiya robototexniklari uchun malaka oshirish granti sohibi, “Yilning eng yaxshi talabasi” sovrindori bo‘ldi. Firdavsning muhim ixtirolaridan biri nogironligi bo‘lgan insonlar uchun sun'iy qo‘l protezini kashf etish hisoblanadi.

Sun'iy qo‘l protezini yaratish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan? Jarayon davomida qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?

Ko‘p yillardan beri robototexnika sohasiga qiziqaman. Turli texnik qurilmalarni yasab, ularni dasturlashga ko‘p vaqt ajratardim. Robotik protezlarni faqat internetda ko‘rgandim, lekin real hayotda ko‘zim tushmagan.  Qiziqib ko‘rganimda, robotik protezning o‘rtacha narxi 15,000 AQSh dollarini tashkil etarkan. Tasavvur qiling: o‘rtahol yashovchi, qo‘lidan ayrilgan nogironligi bo‘lgan odam hech qachon buncha katta xarajat qilib protez sotib ololmaydi. Shuning uchun uni mahalliylashtirish va hamyonbop qilib yaratishni o‘ylab qoldim.

Oliygohni bitirayotganimda diplom ishi mavzum aynan shu yo‘nalishda bo‘lgan. Internet forumlarida haftalab vaqt sarflab turli xil ma'lumotlar yig‘ib,  oxiri o‘zim bir prototipni ishlab chiqishga erishdim. Asosiy maqsad imkoniyati cheklangan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish, axir ular ham oddiy odamlardek harakatlanishga, farzandlarini bag‘riga bosishga haqli.

Jarayon borasida gapiradigan bo‘lsam, 2017 yil mart oyida chizmalarni tayyorladik. So‘ng 3D printerdan foydalangan holda sun'iy qo‘l detallarini ishlab chiqarishni boshladik. Qismlar tayyorlanishiga 3 hafta vaqt ketdi. Eng mashaqqatli palla oldinda edi. Qiyinchilik tarafi - bu mexanizmga moslab barmoqlarni harakatlantiruvchi motor tanlash edi, chunki kuchliroq motor qo‘ysak, prototipni sindirib yuborish ehtimoli yuqori,  oddiyrog‘i esa harakatni to‘liq bajara olmasdi. Protezga to‘g‘ri keladigan motorlar juda qimmat.  Bir donasi 110 AQSh dollarini tashkil etardi. Manga esa 5ta kerak bo‘ldi. Amallab  arzonrog‘ini topib, o‘rnatdik. Oxirgi bosqich qo‘lni harakatlantirish, elektronika va dasturlash qolgandi. Bu borada bilimim yetarli bo‘lgani uchun unchalik qiynalmadim. May oyining boshida birinchi protezim tayyor bo‘ldi.

Qurilmaning ishlash prinsipi nimalardan iborat?

Sun'iy qo‘l elektromagnetik sensorlar orqali harakatga keltiriladi.  Maxsus elektromiografik sensor nogironligi bo‘lgan odamning amputatsiya bo‘lgan qo‘l qismiga o‘rnatilib, muskullardagi neyron signallarni olib kontrollerga yuboradi. Kontroller esa uni raqamli signalga aylantirib, qo‘lni harakatga keltiradi. Tug‘ma nogiron odamlarda bu ishlamaydi, chunki ularda aynan ushbu muskullar rivojlanmagan. Baxtsiz hodisa tufayli qo‘lini yo‘qotgan bemorlarga o‘rnatilgan protez haqiqiy qo‘l kabi miya orqali boshqariladi.