Kun.uz saytida e'lon qilingan «Sirdaryoda chorvador fermerning yaylovdagi bo‘g‘oz qo‘ylari yoppasiga so‘yib tashlandi» maqolasi «Feysbuk» ijtimoiy tarmog‘ida qizg‘in munozarani keltirib chiqarmoqda.

Voqea bo‘yicha fikr bildirayotganlar Sirdaryo viloyatidagi mas'ul rahbarlar hamda ichki ishlar organi xodimlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan huquqlarni oyoqosti qilishda, birovning mulkiga bepisandlikda, hattoki jinoyatda ham  ayblashgan.

Sharhlarda Respublika nazorat qiluvchi organlaridan ushbu holat befarq qolib ketmasligi, mulki talon-taroj qilingan fermerning ko‘rgan zararlari to‘liq qoplanib, aybdorlar jazoga tortilishi lozimligi ta'kidlangan.

Chunonchi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev shunday yozadi:

«Bunaqa farosatsizlikni yana qancha ko‘ramiz ekan, a? Umrida biror marta qo‘liga jilla qursa Konstitutsiyani olmagan bunaqa zo‘ravonlar bu tizimga qanday kelib qoladi, hayronsan! Xalq bergan pogon bilan kekkayish va odamlarni behurmat qilishni bas qilishmas ekan, bundaylarga bizning ham hurmatimiz va ishonchimiz bo‘lmaydi hech qachon».

Mahmud Yo‘ldoshev: Bularning ustidan jinoiy ish ochilishi kerak.

Dilshod Zokirov: Ahmoq, yo‘q ahmoq emas ular, ular NKVD va SSSR sarqitlari. Bir taksichi ham aytuvdi, paxtaga tushmagan, tut tagida bog‘log‘liq turgan 5ta qoramolni militsiya dalaga op kirib so‘yib ketibti. Shuyam ishmi?! Xalqni rozi qilishyaptimi yo aksi?..

Rustam Tog‘ayev: Bo‘g‘oz qo‘ylarni so‘yib, ko‘p gunoh orttirishibdi-da, afsus…

Feruza Ikromxonova: Tavba! Xudodan qo‘rqmaydimi?! Noinsoflar! Bo‘g‘oz qo‘ylarning uvoli tutsin, ilohim. Bular inson qiyofasidagi bo‘rilar…

Shohida Dehqonova: «Birniki mingga, mingniki tumanga», degan maqol bor. Afsus, ko‘pchilikning rizqini qiyishibdi. Aybdorlar qonun oldida javob berishi kerak. Bechora fermerga yetkazishgan zarar ulardan undirilishi kerak!