Jahon | 15:25 / 26.10.2018
10512
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina bosh vaziri o‘rinbosari Belarusdagi forumda rus tilida gapirmaslikni so‘radi

Foto: ukrinform

Ukraina mintaqaviy rivojlanish, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Gennadiy Zubko Belarus hamda Ukraina mintaqalari forumi vaqtida uning ishtirokchilarini rus tilida gapirmaslikka chaqirdi. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.

Ikki mamlakat mintaqalarining forumi 25 va 26 oktabr kunlari Belarusning Gomel shahrida bo‘lib o‘tyapti. Taxminlarga ko‘ra, tadbirda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko va uning ukrainalik hamkasbi Pyotr Poroshenko ishtirok etadi.

Zubkoning o‘z chiqishida eslatishicha, ikki hafta avval Ukraina-Belarus savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha komissiyasining birinchi yig‘ilishini o‘tkazildi. Uning ta'kidlashicha, o‘shanda «juda konstruktiv muloqot» bo‘lib o‘tgan.

«O‘shanda rus tili yig‘ilishning ishchi tili sifatida tanlangandi. Bugun forumda Ukraina va Belarus vakillari bor. Men ukrain tilida chiqish qilyapman va belaruslik hamkasblarimni ularning tilida tinglashdan xursand bo‘laman», - deya qayd etib o‘tdi Zubko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ishtirokchilar «mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash» uchun ukrain va belarus tilida gaplashishlari kerak.

Ta'kidlanishicha, forumning belaruslik ishtirokchilari ukrainalik amaldorning talabiga javob berishmagan va rus tilida gapirishda davom etishgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Azov dengizidagi flotni eng katta qo‘riqlash kemasi bilan kuchaytirgandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid