Inson bu dunyoda yashar ekan, Alloh taolo tomonidan turli xil dard va g‘am-tashvishlar bilan sinaladi. Shuning uchun ham g‘am va shodlik inson bilan doimo birga, vaqt o‘tib bir-biri bilan joy almashadi, deyiladi. Inson shodligiga shukur qiladi, dardiga esa sabr qiladi.
Aholi murojaatlarini o‘rganishimiz davomida Samarqand viloyati Narpay tumanidagi «Chorbog‘» mahallasi Balandqo‘rg‘on qishlog‘idagi bir oila boshiga og‘ir kulfat tushgani haqida xabar qilishdi. Yuz bergan fojiani eshitib, shu xonadonga yo‘l oldik.
Bizni xonadon sohibi va uning yaqinlari kutib olishdi. Barchaning yuzida g‘am-anduh, qayg‘u, kiyimlaridan yaqinda bu xonadonda inson o‘limi bilan bog‘liq hodisa yuz bergani bilinib turibdi.
Biz oila boshlig‘i Zohidjon Xolmo‘minov bilan suhbatlashdik.
Ma'lum bo‘lishicha, joriy yilning 6 oktabr kuni 12 yoshli qizi va 2 yarim yoshli farzandini M37 yo‘lining Narpay tumanidan o‘tadigan qismida katta tezlikda kelayotgan mashina urib yuboradi. Ikkisi ham voqea joyida halok bo‘ladi. Oila bir lahzada ikki jigarbandidan ayriladi.
Bu qayg‘u otaning qaddini bukkan, onasi Oybahor Xolmo‘minova esa to‘shakka mixlanib qolgan.
Zohidjon bizga Ichki ishlar vazirligi, xususan, Samarqand viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi mutasaddilariga murojaat yo‘llamoqchi ekanligini bildirdi.
– Biz yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligi yetarlicha ta'minlanmagani tufayli farzandlarimizdan ayrildik, – deydi Z.Xolmo‘minov. – Axir, fojia yuz bergan joyda 8-maktab bor. O‘sha yerda kamera va tezlikni 50 km/soatgacha kamaytirishni buyuruvchi belgi o‘rnatilganiga qaramasdan, haydovchilar tezlikka rioya qilishmayapti. Qanchadan qancha bolalar shu yo‘lni kesib o‘tadi. Istagim — boshqalar bizdek farzandidan ayrilmasin. Shu yo‘lda yo‘l harakati xavfsizligi ta'minlanishiga jiddiy e'tibor qaratilishini iltimos qilaman.
Zohidjonning marhum farzandlarini dafn etishga tayyorlash jarayonida xonadonda yuz bergan holat ham ularning ko‘ngillarini ranjitganini so‘zlab berdi.















