2018 yilning 22 oktabr kuni Kun.uz saytida «Andijonda MIB va tadbirkor o‘rtasidagi chigal vaziyat qanday paydo bo‘ldi?» sarlavhali maqola joylashtirilgan edi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosidan mazkur maqolada keltirib o‘tilgan faktlarga raddiya taqdim etildi.

MIB Kun.uz’ga bergan raddiyasiga ko‘ra, saytda yoritilgan maqolada Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanida joylashgan «Samo» brendi ostida foydalanayotgan «Nil Granit» mas'uliyati cheklangan jamiyatning elektr tarmog‘idan uzilish holatida tushunmovchilik bor ekanligi, Byuroning Xo‘jaobod tuman bo‘limi xodimlari jamiyatni elektr energiyasidan uzish vaji bilan muntazam bezovta qilishini, joriy yil oktabr oyi uchun jamiyat tomonidan 20 mln. 363 ming so‘mlik qarzdorlik bartaraf etilishiga qaramasdan, ular tomonidan asossiz ravishda tarmoqdan uzilgani bayon qilingan.

Aniqlanishicha, Xo‘jaobod tumanida joylashgan «Samo»brendi ostida foydalanayotgan «Nil Granit» mas'uliyati cheklangan jamiyati 2018 yil 16 yanvar kuni Xo‘jaobod tuman elektr ta'minoti korxonasi bilan 250312-sonli shartnoma asosida elektr energiyasidan foydalanib keladi.

Iste'molchi «Nil Granit» MChJ tomonidan ushbu shartnomada, energiya sarfi bo‘yicha hisobotni «Elektr ta'minoti korxonasi»ga har oyning 25 sanasigacha chopar orqali yoki faksimil aloqa yoxud elektron pochta aloqasi orqali taqdim etishi hamda energiyaning shartnomaviy miqdori qiymati uchun 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshirilishi ko‘rsatilgan.

Agarda, iste'molchi shartnoma majburiyatlarini bajarmaganida,
hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirmasdan qarzdorlikni vujudga keltirganida, shuningdek, Byuro organlari talabnomalari ijro etilmaganida, shu jumladan uning tegishli vakillariga hisoblagichlar ko‘rsatkichlarini olish uchun ruxsat etilmaganida, elektr tarmoqlaridan uzib qo‘yilishi belgilangan.

«Nil Granit» MChJ ijrochi direktori A.Matkarimov tomonidan jamiyat nomidan har oyning oxirgi sanasiga qadar kelgusi oyi uchun iste'mol qilinadigan tabiiy gaz, elektr energiyasi va ichimlik suvi miqdorini oldindan 100 foiz miqdorida to‘liq to‘lab borilishiga kafolat xati taqdim qilingan. (2018 yil 17 yanvarda)