Erkinlik uchun qurbon qilingan hashamatli hayot - Edvard Snouden qissasi

Edvard Snouden

«Jyenevada ko‘rganlarimning aksariyati hukumatim qanday faoliyat olib borayotgani va bu dunyoga nimalar olib kelayotgani haqidagi xayollarimni yo‘qqa chiqardi. Men odamlarga foydadan ko‘ra zarar keltiradigan narsaning bir qismi ekanligimni tushundim», degandi AQSh maxsus xizmatlariga taalluqli maxfiy hujjatlarni fosh etgan Edvard Snouden.

MXA va MRBdagi faoliyat

Edvard Snouden 1983 yilda Shimoliy Karolina shtatidagi Elizabet-Siti shahrida tug‘ilgan. Otasi Lonni Snouden AQSh sohil qo‘riqlash xizmatida faoliyat ko‘rsatgan, onasi Elizabet esa yurist bo‘lib, Baltimor federal sudida ishlagan.

Edvard Enn Erandel kollejida informatikani o‘rgangan, Liverpul universitetida masofadan ta'lim olgan.

Harbiy xizmatdan so‘ng Milliy xavfsizlik agentligida Merilend universitetidagi maxfiy obekt qo‘riqchisi sifatida ish boshlagan.

Agentlikdan so‘ng MRBning axborot xavfsizligi bo‘limida ishlagan, xususan, 2007 yildan 2009 yilgacha AQShning BMTdagi vakolatxonasida (Jyeneva) diplomat niqobi ostida faoliyat olib borgan. Uning vazifasi kompyuter tarmoqlari xavfsizligini ta'minlash bo‘lgan.

2009 yilda Edvard ishdan bo‘shagan va MXA bilan hamkorlik qiluvchi konsalting kompaniyalarida ishlagan.

Xizmatga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi

Amerika maxsus xizmatlarida ishlash jarayonida Snoudenning bu xizmatdan hafsalasi pir bo‘la boshlaydi. Edvardning aytishicha, u 2007 yilda MRB xodimlari shveysariyalik bank xizmatchisini qanday qilib o‘zlariga og‘dirishganining guvohi bo‘lgan. Avvaliga bank xizmatchisini ichirib mast qilishgan va uyiga mashinani o‘zi minib ketishiga ko‘ndirishgan. U mast holda mashina boshqargani uchun hibsga olingach, MRB agentlari unga o‘z yordamlarini taklif qilishgan va bank sirlarini olish uchun uni o‘zlariga og‘dirishgan.

«Jyenevada ko‘rganlarimning aksariyati hukumatim qanday faoliyat olib borayotgani va bu dunyoga nimalar olib kelayotgani haqidagi xayollarimni yo‘qqa chiqardi. Men odamlarga foydadan ko‘ra zarar keltiradigan narsaning bir qismi ekanligimni tushundim», degandi keyinchalik Snouden.