Germaniya hukumati mamlakat Federal razvedka xizmati (BND) hamda boshqa maxsus xizmatlarning vakolatlarini sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda. Berlin bu orqali xorijdan kelayotgan zamonaviy xavfsizlik tahdidlariga samaraliroq qarshi turishni maqsad qilgan.
Germaniyaning ntv telekanali xabariga ko‘ra, yangi tartib BND xodimlariga kiberhujumlar vaqtida xorijda joylashgan IT-qurilma va infratuzilmalarni zararsizlantirish imkonini berishi mumkin. Milliy mudofaa bilan bog‘liq zarurat yuzaga kelgan taqdirda esa chet davlatlar hududida diversiya operatsiyalarini amalga oshirishga ham ruxsat berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundestag razvedka xizmatlari vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlar paketini 12-avgust kuni ovozga qo‘yishi kutilmoqda.
Islohotlarga ehtiyoj Germaniya va Yevropada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning yomonlashgani bilan izohlanmoqda. Xususan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida Germaniyada turli gibrid tahdidlar ko‘paygani ta’kidlangan.
Bunga aeroportlarda portlovchi moddalar bilan jihozlangan dronlarning aniqlanishi, energetika infratuzilmasiga kiberhujumlar, josuslik holatlari va mudofaa sanoati korxonalarida diversiyaga urinishlar misol sifatida keltirilgan.
Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrindt Bild nashriga bergan intervyusida rejalashtirilayotgan o‘zgarishlarni sharhlar ekan, mamlakat razvedka xizmatlarini zamonaviy talablarga moslashtirish zarurligini ta’kidlagan.
Uning fikricha, Germaniya maxsus xizmatlari dunyodagi hamkor razvedka tuzilmalari bilan teng darajada ishlay olishi kerak. Zamonaviy davlat miqyosidagi terrorizm va ekstremistik guruhlarga qarshi kurashish uchun razvedka organlariga tezkor imkoniyatlar va faol vakolatlar zarur, degan u.
BND axborot to‘plashdan faol operatsiyalarga o‘tishi mumkin
Hozirgi vaqtda BNDʼning asosiy vazifasi xorijda Germaniya xavfsizligi va tashqi siyosati uchun muhim bo‘lgan ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilishdan iborat.
Yangi islohotlar esa razvedka xizmatiga “operativ” vakolatlar berishni nazarda tutadi. Bu BNDʼga tahdid haqida faqat ma’lumot to‘plash emas, balki uni bartaraf etishga qaratilgan muayyan harakatlarni ham amalga oshirish imkonini beradi.
Jumladan, BNDʼga ma’lumotlarni o‘zgartirish yoki o‘chirish maqsadida xorijdagi kompyuter tizimlariga kiberoperatsiyalar o‘tkazishga ruxsat berilishi rejalashtirilmoqda.















