Dam olish kunlari Italiya chempionatida 11-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar  yuz berdi.

«YuVeNTUS»NING MURAKKAB G‘ALABASI, RONALDUDAN GOLLI UZATMA

«Yuventus» o‘z maydonida «Kalyari» bilan bellashib, 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. Turinliklar 1-daqiqadayoq Dibala goli evaziga hisobni ochishdi. Shundan so‘ng, o‘yin gollarga boy o‘tadigandek ko‘rindi. Biroq, «Kalyari» nafaqat raqib bosimiga dosh berdi, balki hisobni ham tenglashtirdi. 36-daqiqada Joao Pedro qanotdan jarima maydoniga yetkazilgan to‘pni yaqin masofadan darvozaga yo‘lladi. Ammo, muvozanat tanaffusgacha saqlanib turmadi. Oradan 2 daqiqa o‘tgach, Bradarich o‘z darvozasini ishg‘ol qildi, natijada «Yuventus» yana hisobda oldinga o‘tib oldi. Ikkinchi bo‘lim asabiy tarzda o‘tdi. Mezbonlar faqat uning oxirgi daqiqalarida o‘yin taqdirini hal qilishdi. Ronaldu oshirgan to‘pni Kuadrado yaqin masofadan darvozaga yo‘lladi. Bu portugaliyalik futbolchining chempionatdagi 5-golli uzatmasi bo‘ldi.

O‘yindan so‘ng, «Yuventus» ustozi Massimiliano Allegri g‘alabaga quyidagicha izoh berdi: «Biz yaxshiroq himoyalanishimiz kerak, chunki ko‘p gol o‘tkazib yubormoqdamiz. 85-daqiqada gol o‘tkazib yuborishimizga sal qoldi, natijada durang bo‘lishi ham mumkin edi. Biz bunday sustkashlikka yo‘l qo‘ymasligimiz shart. Hatto, ilk goldan keyin ham o‘yin suratini oshirmadik. Har doim 2-3ta gol urishimizni taxmin qilish qiyin».

Bu natijadan so‘ng, «Yuventus» 31 ochko bilan 1-o‘rinda bormoqda.

Yuventus – Kalyari 3:1 (2:1, 1:0)
3 noyabr, «Alyants Stedium» 
Gollar: 1:0 – 1 Dibala, 1:1 – 36 Joao Pedro, 2:1 – 38, avtogol Bradarich, 3:1 – 87 Kuadrado. 
Yuventus – Shchensni, Joau Kanselu, Bonuchchi, Benatiya, De Shilo, Bentankur, Pyanich (Aleks Sandro, 70), Matyuidi (Bardzali, 83), Duglas Kosta (Kuadrado, 46), Dibala, Ronaldu.
Kalyari – Krano, Srna, Cheppitelli, Pizakane, Padoin (Sau, 80), Ionitse (Farago, 67), Bradarich (Chigarini, 56), Barella, Kastro, Joao Pedro, Pavoletti.
Ogohlantirishlar: Bradarich (32), Pavoletti (49), Pizakane (63), Matyuidi (75).

«INTeR» «YuVeNTUS»NING ASOSIY TA'QIBChISIGA AYLANMOQDA