«Tribuna» Yevropa Chempionlar ligasining 4-turi doirasida 4ta guruhda o‘tkazilgan uchrashuvlardan keyin yuzaga kelgan vaziyatni tahlil qiladi.

Dortmundliklarning ilk mag‘lubiyati

A guruhi
«Atletiko» – «Borussiya» D – 2:0 (Saul, 33. Grizmann, 80)
Ushbu o‘yindan oldin jamoalar kayfiyat jihatidan ikki qutbda joylashgandi. Madridliklar Ispaniya chempionatida Diyego Simeone davridagi eng yomon startni qayd etishmoqda, YeChLda esa o‘tgan turda Dortmundda kechgan uchrashuvda Simeone davridagi eng yirik mag‘lubiyat qayd etildi (0:4). «Borussiya» esa yangi bosh murabbiy Lyusen Favrning debyut mavsumidayoq 15 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyani qayd etishdi.

Boshqa tomondan «matraschilar»da motivatsiya tomondan muammo bo‘lmadi, jamoa faqat g‘alaba uchun maydonga tushdi. O‘yinni Diyego Godin, Toma Lemar, Koke, Diyego Kosta va Stefan Savich kabi yetakchi futbolchilar o‘tkazib yuborayotgani sezilmadi. Birinchi gol Felipe Luisning aql bovar qilmas reydidan keyin urildi - Saul to‘pga bir tegishida hisobni ochdi. Saul Chempionlar ligasida to‘qqizinchi golini urdi. U to‘qqiz uchrashuvda hisobni ochdi.

Bu o‘yinda Lyusen Favr shogirdlari umuman o‘ziga o‘xshamadi, nemislar jamoasi o‘yin davomida biror marta ham raqib darvozasi tomon aniq zarba yo‘llamadi.

O‘yin oxiriga yaqin qolganida Dortmund jamoasi mag‘lubiyatdan qutulish maqsadida hujumga o‘tganida Antuan Grizmann qarshi hujumni muvaffaqiyatli yakunladi. U endi «Atletiko»ning YeChLda 20dan ortiq gol urgan ilk futbolchisi. U shu tariqa Simeone uchun qasos oldi.