Xalqaro valyuta jamg‘armasi 2019-2020 yillarda O‘zbekistonga islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha doimiy maslahatlar beradi. Soliq kodeksiga esa, mamlakatdagi soliqlarning har biri turini izohlab beruvchi matnlar kiritiladi. O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov KUN.UZ muxbirining savoliga javob berar ekan, shu haqda ma'lum qildi.
“Joriy iqtisodiy vaziyat va 2019 yilgi asosiy iqtisodiy vazifalar” mavzusida tashkil etilgan ko‘rsatuvda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri spikerlarga bir necha savol bilan murojaat qildi. Ularga Bosh vazir o‘rinbosari – moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov quyidagicha javob berdi.
Savol: O‘zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb etishni faollashtirish xususida gap borganda, xususiy mulkni qanchalik himoya qilinishiga e'tibor qaratiladi. Biroq, ayrim hollarda, xususiy mulk, jumladan tadbirkorlarga qarashli mol-mulkni sudsiz, alohida bir topshiriqlar bilan buzish holatlari yoki ularni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish holatlari uchrab turibdi. Savol shundan iboratki, O‘zbekistonda xususiy mulkni yetarli darajada qanday himoya qilish mumkin?
Jamshid Qo‘chqorov: Sarmoyadorlarning mol-mulkini himoya qilish borasida qator hujjatlar qabul qilingan. Haqiqatan ham bu masalada kamchiliklar bor edi. Ya'ni, ular o‘sha joyda qurilish ishlarini olib borish bo‘yicha mol-mulklarni davlat va jamoat ehtiyojlariga olish holatlari kuzatilayotgan edi. Men bu masalaning iqtisodiy jihatini aytib o‘taman. Mana yaqinda maxsus qaror imzolandi. Endilikda, biror bir xususiy yoki shaxsiy mulkka har qanday ko‘rinishda zarar yetkaziladigan bo‘lsa, yoxud davlat va jamoat ehtiyojlariga olinadigan bo‘lsa, dastavval yetkazilgan zararni to‘lab berishimiz kerak.
Umuman, xususiy mulkni himoya qilish masalasi doim dolzarb bo‘lib kelgan. Ko‘plab davlatlarda ham bu dolzarb masala. Respublika rahbariyatining esa, bu boradagi – pozitsiyasi qat'iy: huquqiy mulkdorni himoya qilish, uning manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashdir.
Savol: Soliq islohotlari davom ettiriladimi? Qo‘shimcha qiymat solig‘i 20 foiz sifatida belgilangan. Kelgusida bu miqdor kamaytiriladimi?
Jamshid Qo‘chqorov: Qo‘shimcha qiymat soliq miqdorini keyingi yilgacha 20 foiz miqdorida saqlab qoldik. BU soliqni o‘zgartirish bo‘yicha muhokamalar qilinayotgani yo‘q. Endi umuman soliq islohotlari haqida qisqacha fikrlarimni bildirmoqchiman.














