KUN.UZ tahririyatiga kelib tushgan murojaatni o‘rganish maqsadida Toshkent shahri, Sergeli tumanida joylashgan «Mehribonlik» nogironlar jamiyati bo‘linmasi tomon yo‘l oldik.

Murojaat mazmuni bo‘yicha ushbu hududda joylashgan nogironlar jamiyatining binosi xarob holatda, ta'mirlash uchun mablag‘ mavjud emas. Nogironlar jamiyatdagi mehrga tashna qatlam ekani bois, ishni o‘rganishga bel bog‘ladik.

Jamiyat rahbari Gyultakin Mamedova bilan suhbatda vaziyatni yanada oydinlashdi.

«Boshida binoni olgan vaqtimizda ayanchli holatda edi. Joriy yilning avgust oyida qurilishni boshladik. Boshida o‘zimizning qurbimiz bilan qila olsak kerak, o‘z hisob-raqamimiz bor, eplab ketarmiz, deb o‘ylagandik. Lekin bu ishlarga yaxshigina mablag‘ ketar ekan. Shundan so‘ng jiddiyroq tashkilotlardan yordam so‘radik. “O‘zbekenergo” AJ rahmat deymiz, binomizni elektr ta'minoti masalasi, devor, xona shiftlarini ta'mirlash ishlariga ko‘mak berishdi. Ammo hali oldinda qilinadigan ishlar juda ko‘p. Hokimiyatga murojaat qildik. Imkonimiz yo‘q, deyishdi. Nima ham qilardik», — deydi jamiyat rahbari.

Gyultakin Mamedova

Ma'lum bo‘lishicha, 2015 yil jamiyatning avvalgi joyi dastur asosida buzilishga tushgan. Shundan so‘ng, kemtik qalblar diydorlashish uchun qadrli maskanidan ayriladi. 2017 yil 13 noyabr kungi hokim qarori asosida jamiyatga yer ajratiladi.

«Binoda katta (tadbirlar uchun) va kichik zal, bitta kabinet tashkil etmoqchi edik. Bu yerda imkoniyati cheklangan jamiyat a'zolari to‘planamiz, suhbatlashamiz, kurslar tashkil etamiz. Misol tariqasida, kompyuter kurslari, to‘qish kurslari bo‘lishi mumkin. Lekin hozircha holatimiz unchalik emas. Ba'zida homiylar sovg‘a-salomlar bilan kelishadi. A'zolar bilan ko‘rishtirib, o‘tirib birga suhbat qurishga ham sharoit yaratib berolmaymiz. Sovg‘alarni topshirishadi-yu ketishadi.

— To‘rt devor ichida yashash azob. Bir-birimiz bilan ko‘rishib, ko‘nglimizni ko‘tarardik. Bu ruhimizga quvvat bo‘lardi, — deydi 1-guruh nogironi bo‘lgan jamoat faoli.