Bugunga kelib innovatsion servislarni rivojlantirib, bozorga chiqayotgan IT-gigantlar 1 trillion dollarlik kapitalizatsiyaga erishish imkoniga ega. Ma'lumotlar yo‘qolishi bilan bog‘liq mojarolarga aralashgan emitentlar esa ortda qolmoqda. Forbes jurnali shu haqidagi qiziq maqolasi bilan bo‘lishdi.

2018 yilning avgustida Apple 1 trillion dollar kapitalizatsiyaga erishgan birinchi ommaviy kompaniya sifatida e'tirof etildi. Uning eng yaqin raqibi, Amazon onlayn-gipermarketi esa o‘sha vaqt bu ko‘rsatkichga erishishiga 1 foiz qolgandi, biroq uchinchi chorak hisobotidan keyin o‘rtadagi farq oshdi. Yuqori texnologiyalar sektoridagi qolgan gigant kompaniyalar — Microsoft, Alphabet (Google egasi), Facebook va Alibaba esa bu ko‘rsatkichdan yanada uzoqda. Nomi qayd etilgan har bir kompaniya kapitalizatsiya cho‘qqisiga erishishda o‘ziga xos yo‘lni bosib o‘tgan. IT-korporatsiyalar qanday qilib o‘z trillioniga erishmoqda?

Oltin «olma»

Hozir Apple kapitalizatsiyasi 1 trillion dollardan pastladi, ammo bu vaqtincha. Hoynahoy tez orada qog‘ozlar kotirovkasi bir aksiya uchun 115-120 dollar diapazoniga qaytadi. Bu ishonch nima bilan asoslanadi? Kotirovkalar o‘sishi uchun asosiy drayver sifatida biznes segmenti - kompaniyalar va ularning mahsulotlari xizmat qiladi. Apple’da bular uchta — iPhone, qurilmalar uchun servislar va Apple Watch. iPhone bozori o‘z iqtisodiy siklining avjida. Oxirgi bir necha yilda yangi smartfonlar sotuvlari pasaydi, lekin kompaniya o‘z mobil qurilmalari narxini oshirish hisobiga salbiy ta'sirlarni qoplashning uddasidan chiqdi.

Apple servislari — yangi yo‘nalish, u kompaniyalarga sotilgan gadjyetlardan pul ishlash imkonini beradi. iCloud, Apple Music, Apple Pay, AppStore kabilar shular jumlasidandir. Mijozlar Apple texnikasidan qanchalik ko‘p foydalansa, ular shuncha ko‘p ma'lumot to‘playdi. Shu tariqa, iCloud bulut tizimi sekin-asta to‘lgani sayin foydalanuvchilar uni kengaytirish uchun yana oylik obunani xarid qilishiga to‘g‘ri keladi.

Apple Music musiqiy platformasi Spotify uchun jiddiy raqibga aylandi va tez orada u pulli foydalanuvchilar soni bo‘yicha Spotify’ni ortda qoldiradi. Spotify kapitalizatsiyasidan kelib chiqib, Apple Music’ni hozir 35 milliard dollarga baholash mumkin.

Apple Pay — tobora ko‘proq tranzaksiyalar smartfonlar orqali o‘tkazilayotgan naqdsiz iqtisodiyotga o‘tish sharoitlarida kompaniyalar daromadi o‘sishi uchun eng kuchli drayverlardan biri. Forbes baholariga ko‘ra, terminallar orqali to‘lovlarni amalga oshirish Apple’ga taxminan har bir operatsiyadan 0,03-0,05 foiz keltiradi, internet orqali xaridlar esa 0,15 foizli daromad bilan ta'minlaydi. Servislar asosan shu segment tufayli 2025 yilga borib nafaqat kompaniya daromadining asosiy manbai bo‘lib xizmat qiladi, balki uning marginalligini ham 25-30 foizga oshiradi.