O‘zbekiston | 12:40 / 20.11.2018
5904
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ilk marotaba o‘quvchi-yoshlarning takliflari asosida «Yo‘l xaritasi» qabul qilindi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

Xalq ta'limi vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan loyihalarda o‘quvchi-yoshlarni ishtirokini ta'minlash maqsadida “Vazirlik va o‘quvchi-yoshlar” loyihasi ishlab chiqildi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.

Mazkur loyiha 16-17 noyabr kunlari Toshkent shahrida ilk bor o‘tkazildi. Unda Xalq ta'limi vazirligi vakillari hamda O‘zbekistonning barcha hududlaridan kelgan xalqaro va respublika fan olimpiadalari g‘oliblari, yoshlar yetakchilari, “Ittifoq“ va “Kamalak“ sardorlaridan iborat 70 nafar o‘quvchilar ishtirok etdi.

Loyiha doirasida o‘quvchi-yoshlar Toshkent shahridagi 144- va 324-sonli umumta'lim maktabi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar Xalq ta'limi vazirligi rahbariyati bilan uchrashdilar, istiqboldagi rejalari, umumta'lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlar bilan ishlash yo‘nalishidagi o‘zlarining taklif-mulohazalari hamda loyihalarini muhokama etdilar.

Loyihaning ikkinchi kuni Toshkentdagi Inha universiteti tashabbusi bilan “Codecraft” dasturiy ta'minotini o‘qitishga qaratilgan maxsus malaka oshirish kursi tashkil etildi. Universitet mutaxassislari tomonidan “Codecraft” dasturiy ta'minoti haqida tushunchalar berildi va o‘quvchi-yoshlar mobil qurilmalar uchun ilovalar yaratish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda ham ishtirok etishdi.

Uchrashuv natijasiga ko‘ra, ilk marotaba Xalq ta'limi vazirligi o‘quvchi-yoshlar bilan ishlash yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchi-yoshlarning takliflari asosida “Yo‘l xaritasi” qabul qildi va uni amalga oshirishda maktablardagi yoshlar yetakchilari va sardorlari bevosita ishtirok etishi belgilab olindi.

Mavzuga oid