O‘zbekiston | 16:47 / 24.11.2018
4806
3 daqiqa o‘qiladi

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti Germaniyaning Berlin texnika universiteti bilan o‘zaro hamkorlikni boshladi

2018 yil 20 noyabr kuni Germaniyaning Berlin texnika universiteti professori va Berlin texnika universiteti qoshidagi ESM-Spase Technologies GmbH kompaniyasi ijrochi direktori – Arnold Shterengarts hamda Berlin texnika universiteti ilmiy xodimi – Dmitriy Ostorverxov Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetiga tashrif buyurdi hamda universitet rektori prof.S.M.Turabdjanov va yetakchi olimlari bilan uchrashuv tashkil qilindi. 

Bu uchrashuvda har ikki universitet o‘z oliy ta'lim muassasalari haqida ma'lumotlar taqdim etishdi. Berlin texnika universiteti jahon oliy ta'lim muassasalari reytingida birinchi 100 talikdan joy olganligi va ta'lim tizimining ijobiy jihatlari qayd etilib, ikki tomonlama samarali hamkorlik va birgalikda ilmiy izlanishlar olib borish, undagi ilg‘or tajribalarni O‘zbekiston oliy ta'limida joriy etish, koinot sarhadlarini zabt etishda O‘zbekistonlik talabalarni ham jalb qilish, fazoga Toshkent davlat texnika universiteti talabalari bilan birga tayyorlangan sinov-mikro yo‘ldoshini uchirish, dasturlash, konstruktorlik ishlari va tadqiqotlari, metrologiya yo‘nalishlarida izlanishlar va tadqiqotlar olib borish, seminar va konferensiyalar tashkil etish hamda talabalar almashinuvi kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. 

Joriy yilning 23 noyabr kuni esa professor Arnold Shterengarts ishtirokida universitetning “Muhandislik texnologiyalari” fakultetida  “Berlin texnika universitetida talabalar innovatsion g‘oyalarini amaliyotga joriy etish tajribasi” mavzusida master-klass tashkil etildi. Master-klassda fakultetning “5620200-Havodagi harakatni boshqarish” va “5310400-Havo kemalaridan texnik foydalanish” ta'lim yo‘nalishlarining 50 nafar talabasi, hamda universitet qoshidagi tarmoq malaka oshirish markazining 30 nafar tinglovchisi ishtirok etdi. Uchrashuv davomida professor Arnold Shterengarts talablarga hozirgi kunda jadal rivojlanayotgan kosmik tadqiqotlar va mini sun'iy yo‘ldoshlar texnologiyalari sohalari haqida ma'lumotlar berib o‘tdi. Shuningdek, Berlin texnika universiteti qoshida tashkil etilgan ESM-Spase Technologies GmbH kompaniyasining aynan talabalar tomonidan yaratilayotgan innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etishda muhim bo‘g‘in ekanligi va uning funksiyasi haqida ham atroflicha ma'lumotlar berib o‘tildi. 

Toshkent davlat texnika universitetida Berlin texnika universiteti bilan hamkorlikda universitetning iqtidorli talabalari tomonidan 2 yil ichida sinov-mikro sun'iy yo‘ldoshi yaratilib, sinovdan o‘tkazish va kosmik fazoga chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar qilinishi belgilandi.

Shuni qayd etish joizki, shu yilning sentabr oyida Toshkent davlat texnika universiteti va Berlin texnika universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Reklama huquqi asosida

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid