Sport | 14:32 / 04.12.2018
13427
2 daqiqa o‘qiladi

Buffon «Yuventus»dan nega ketgani va Ronalduning transferi zamirida yotgan motivlar haqida gapirdi

Foto: Getty Images

Shu yil yozda «Yuventus»dan «PSJ»ga o‘tgan darvozabon Janluiji Buffon Turindagi faoliyati so‘ngida ruhan toliqqani, bu holat boshqalarda ham kuzatilgani uchun klub «Real»dan Krishtianu Ronalduni sotib olgani haqida aytib o‘tdi. Uning so‘zlarini Tiki Taka e'lon qilgan.

«Bunday uzoq va stressga to‘la davrdan keyin «Yuventus» futbolchisi va sardori bo‘lish, bu hatto sharaf bo‘lsa ham, odamni ancha toliqtiradi. Klub prezidenti bilan gaplashib, endi boshqa-boshqa yo‘ldan ketishimizni aytgandim.

Men yo kareramga yakun yasash, yoki top-klublardan biron ajoyib taklif bo‘lsa, faoliyatimni davom ettirish haqida o‘ylayotgandim. Biron chekkaroq liga vakilidan taklif bo‘lganida, men unga ko‘nmagan bo‘lardim.

«PSJ» may oyida taklif bilan chiqdi. Shundan so‘ng yana 1-2 yil o‘ynash haqida o‘ylanib qoldim. Bu haqda juda ko‘p o‘yladim. «Yuve» bilan o‘zim istagandek – o‘zaro kelishgan holda hamkorlikni to‘xtatdik.

Men qatorasiga yetti mavsum skudettoni qo‘lga kiritdim. Sen har qancha kuchli bo‘lma, baribir bundan keyingi yutuq uchun shijoat topa olmaysan. Chunki bu sendan juda qattiq asabiy zo‘riqishni talab qiladi.

Men uchun «Endi yetar», deyish vaqti kelgan edi. «Yuventus» ehtimol boshqalarda ham shunday hissiyotlar kechayotganini payqagandir. Krishtianuni sotib olish hammani uyg‘otish uchun yagona chora edi», – deya aytib o‘tdi Buffon.

Mavzuga oid