Bir yillik tanaffusdan so‘ng «Yuventus»ga qaytgan darvozabon Janluiji Buffon italyan muxbirlari bilan suhbatda bo‘ldi. Suhbat tafsilotlarini Football Italia keltirib o‘tgan.

77-raqam haqida

77-raqam haqida o‘ylab qo‘ygandim, bu raqam o‘tmishimni aks ettiradi. «Parma»da shu raqamda o‘ynardim va u menga omad keltirgan, raqamimni haqiqatan yaxshi ko‘rardim.

1-raqam va sardorlik bog‘ichini rad etgani

Shchesni va Kelliniga 1-raqam va sardorlik bog‘ichini taklif qilishgani uchun rahmat aytaman, biroq men kimdandir nimanidir olib qo‘yish uchun qaytganim yo‘q.

Men, shunchaki, klubga qo‘limdan kelganicha yordam bermoqchiman. Asosiy darvozabon Shchesnining 1-raqamda o‘ynashi to‘g‘ri. Sardorlikka kelgach, bizda Jorjio Kellinidek juda zo‘r futbolchi bor.

Ronaldu bilan jamoadosh bo‘lish haqida

Juda ajoyib – Krishtinu Ronaldu bilan birga o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lyapman. O‘tgan mavsum «PSJ»da Neymar va Mbappe kabi chempionlar bilan jamoadosh bo‘lgandim. Endi esa «Yuventus» sharofati bilan Ronaldu bilan birga o‘ynayman. Bu – katta tuhfa.

Mauritsio Sarriga shogird bo‘lishi haqida

Sarri bilan allaqachon ko‘rishdik, u menda juda zo‘r taassurot qoldirdi. Birinchi matbuot anjumani kuni ham hammada shunday bo‘lgan bo‘lsa kerak.