O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari bilan birga yashasang, safardaliging ham sezilmas ekan. Chunki O‘zbekiston degan so‘z yangrab turadi doim. Klub bilan boshqacharoq bo‘lsa kerak.
Bundan oldin Avstraliyaga bordik va unda terma jamoamiz ikki o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar ham bo‘ldiku-ya, ammo asosiy e'tibor o‘yinga qaratildi. Turkiya safarini ham shunday tasavvur qilgandim – mashg‘ulotlar shu zayl kechadi degan fikrda edim. Yo‘q, butkul boshqa manzara guvohi bo‘lyapman.
O‘rtoqlik o‘yinlariga tayyorgarlik boshqacharoq kechar ekan. Baribir. Mana shunisida terma jamoa yaqqol bir oilaga aylana boshlar ekan. Shuni seza boshladim.

Kundan kunga mashqlar og‘irlashyapti, lekin futbolchilar birinchi kundagidan ko‘ra yanada zavqliroq yondashishyapti. Paradoksdek ko‘rinadiyu, lekin bu yerda ko‘proq ish ruhiyatga bog‘liqmi, deyman.
Oddiy misol keltiraman. Ektor Kuper mashg‘ulotlardan so‘ng qayta tiklanish jarayoniga juda qattiq e'tibor qaratishini hamma biladi. Har holda dunyo ko‘rgan murabbiy. Qayta tiklanish jarayonini mashg‘ulotning bir bo‘lagi deb hisoblaydi. Shu bois, futbolchilar mashg‘ulotni yakunlashgach, suzish va saunaga kirishlaridan oldin bir necha daqiqalik muzli muolajaga qattiq e'tibor qaratmoqda.
Bu holat bizga biroz yangilikdir, mayli, lekin men boshqa narsaga e'tibor qaratdim: Terma jamoamiz vrachi Abror Pirriyev mazkur masalada o‘sha muzli muolajani stadionning o‘zida olish foydaliroqligini ta'kidlab o‘tgan. Biroq, Kuper tibbiyot xodimining bu xulosasiga qo‘shilgan holda o‘z fikrini shunday tushuntirgan: «Men hamma narsa bir joyda bo‘lishini xohlayman, shunda futbolchilarning ko‘proq jamlanishlariga erishaman, ular bilan aynan mashg‘ulotdan so‘ng suhbatlashish imkoni tug‘iladi, bu – muhim jarayon». Qisqacha aytganda, oilaga sha'ma qilyapti. Oila muhim juda.

Chindan ham chet ellik murabbiyga – buning ustiga o‘ziga xos tabiatga ega bo‘lgan odamga – ham qiyin, ham oson: futbolchilarning o‘tmishidan, kimligidan bexabar holda buguni bilan hisoblashishi plyuslaridan bo‘lsa, boshqa mentalitet egalarining boshini jamlashi og‘ir jarayon hisoblanadi. Argentinalik mutaxassisga bu masalada ko‘proq uning yordamchilari – Antoni, Mahmud va Fantaguchi yordam berishyapti. Avvalo ularning o‘zlari o‘ta inoq yigitlar, shuningdek, futbolchilar bilan ham imkon qadar yaqin gaplashishadi. Kerak paytda dardkashga aylanishsa, boshqa paytlarda hazillashishadi ham.















