O‘zbekiston | 16:49 / 21.12.2018
10942
4 daqiqa o‘qiladi

Biznesni elektr tarmoqlariga ulash soddalashtirilmoqda

Foto: dgp.mos.ru

Yuridik va jismoniy shaxslarni elektr tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

 Norma’ning yozishicha, hujjatdan maqsad – Jahon banki va XMKning «Biznes yuritish» yillik hisobotida O‘zbekistonning reytingini yanada yaxshilash.

 O‘zgartirishlar 3 oy o‘tgandan keyin, ya'ni 2019 yil 21 martdan kuchga kiradi. Ular iste'mol quvvati 20 kVt va undan yuqori bo‘lgan elektr ta'minoti loyihalarini kelishish, shuningdek iste'molchiga xuddi shunday quvvatga ega elektr qurilmalarini ishga tushirishga ruxsatnoma berish jarayoniga daxl etadi. 

 Elektr ta'minoti loyihalarini kelishish qismida 3 ta yangilik kiritilgan.

 Birinchidan, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari (HETK) quvvati 20 kVt.dan yuqori bo‘lgan elektr energiyasi iste'molchilari uchun elektr ta'minoti loyihalarini kelishmaydilar, balki ko‘rib chiqadilar. Bunga 2 ish kuni beriladi.

Hozir ikkita joyda – HETK va «O‘zdavenergonazorat» inspeksiyasi bilan kelishish talab etiladi. Faqat inspeksiya bilan kelishish qoladi. Biroq HETK jarayondan to‘liq chiqib ketmaydi. Inspektsiya loyihani ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ularning takliflarini hisobga oladi.

 Ikkinchidan, inspeksiyaning loyihalarni kelishish muddatlari o‘zgarmoqda:

• 1 ish kunida – 1 kV.gacha bo‘lgan elektr qurilmalari uchun;

• 5 ish kunida – kuchlanishi 6–10 kV bo‘lgan elektr qurilmalari uchun;

• 7 ish kunida – kuchlanishi 35 kV va undan yuqori elektr qurilmalari uchun.

 Hozir 2 ish kunidan iborat yagona muddat amal qiladi.

 Uchinchidan, qoida joriy etilmoqda: agar kelishish muddati o‘tgandan so‘ng «O‘zdavenergonazorat» DI tegishli xulosa bermasa, u holda elektr ta'minoti loyihasi kelishilgan deb hisoblanadi.

 Quvvati 20 kVt va undan yuqori bo‘lgan elektr qurilmalarini ishga tushirishga ruxsatnoma berish qismida esa – 2 ta yangilik. 

 Birinchidan, qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari yakunlanganidan keyin iste'molchiga elektr qurilmalarini ishga tushirishga ruxsatnoma berish masalasini ko‘rib chiqish muddatlari tabaqalashtiriladi. U elektr ta'minoti loyihalarini kelishish muddatlariga o‘xshash bo‘ladi:

• 1 ish kunida – 1 kV.gacha bo‘lgan elektr qurilmalari uchun;

• 5 ish kunida – kuchlanishi 6–10 kV bo‘lgan elektr qurilmalari uchun;

• 7 ish kunida – kuchlanishi 35 kV va undan yuqori elektr qurilmalari uchun.

 Ikkinchidan, belgilanishicha: qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash tashkilotlari rad etish sabablarini bartaraf etish va qayta ko‘rib chiqish uchun hujjatlarni topshirish huquqiga ega bo‘lgan muddat ruxsatnoma berishni rad etish to‘g‘risida bildirishnoma olingan kundan boshlab 10 ish kunidan kam bo‘lmasligi kerak.

 So‘rovnomalar elektron ko‘rinishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rib chiqiladi.

 Hujjat 20.12.2018 yilda e'lon qilingan.

Mavzuga oid