Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qator holatlar fosh etildi.
Jumladan, Sirdaryo tumanida S.U. fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari “Sindorobod” va “Xalqobod” SIU hududlaridagi yer maydonlarida suv nasoslarini elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulagan. Natijada 1,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Davlatobod tumanida esa S.G. MChJ rahbari savdo kompleksida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, 558,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Shuningdek, Olmazor tumanida G.B. MChJ mas’ul shaxslari va boshqalar Beruniy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. Noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasi qiymati 272,6 mln so‘mni tashkil etgan.
O‘zbekiston tumanida “T.M.” fermer xo‘jaligi mas’ul shaxslari suv nasosini elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulab, 217,8 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Uchqo‘rg‘on tumanida fuqaro I.N. baliqchilik xo‘jaligida elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, 112 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Xo‘jayli tumanida “P.M.” MChJ mas’ul shaxslari g‘isht ishlab chiqarish zavodida elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida noqonuniy ulanib, 103,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan foydalangani aniqlangan.
Namangan shahrida esa fuqaro M.Yu. “Shodlik” MFY hududidagi xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulangan. Ushbu holatda 100,1 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, aniqlangan yettita holatda noqonuniy foydalanilgan elektr energiyasining umumiy qiymati 2 mlrd 464,7 mln so‘mni tashkil etadi.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.







