Yoshlar ittifoqi press klubida «Demo Day» – «Startap g‘oyalar» dasturining final bosqichi va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Final bosqichida hakamlar hay'ati va investorlar tomonidan quyidagi loyihalar eng yaxshi deb topildi:

«Little Big Media» - tadbirkorlarga o‘z mahsuloti reklamasini bevosita supermarket aravachasining o‘zida berish xizmatini taklif etadi. Bunda iste'molchi xarid chog‘ida aravachaga o‘rnatilgan gadjyetda mahsulotlar reklamasini ko‘radi va o‘sha paytning o‘zida xarid qilishi mumkin bo‘ladi. (g‘oya muallifi Humoyun G‘ulomov).

«Startupmarket.uz» - hozirgacha yaratilgan va yaratilajak loyihalar haqida ma'lumotlarni yagona portalga jamlash, startaper va homiylar o‘rtasida uzluksiz aloqani ta'minlashni maqsad qiladi (g‘oya muallifi Ulug‘bek Ismatov).

«UniBus» - jamoat transportlarida qancha yo‘lovchi chiqqanligi, ulardan qanchasi oylik to‘lov chiptasidan foydalanishini nazorat qiluvchi qurilma o‘rnatishni ko‘zda tutadi. Bu yo‘lkiradan keladigan tushumning to‘lig‘icha g‘aznaga tushishini, chiptachi va haydovchi aralashuvini cheklashni ta'minlaydi (g‘oya muallifi Shahzod Umrzoqov).

«Innogroup» - jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun bionik qo‘l yaratishni ko‘zda tutgan bo‘lib, sun'iy intellekt orqali boshqariladi. Mazkur uskuna imkoniyati cheklanganlarga qulaylik yaratadi (g‘oya muallifi Alibek Jumaniyazov).

«Scratch» – vizual o‘yinlar orqali bolalarga dasturlash va axborot texnologiyalari bilan ishlashni o‘rgatishni nazarda tutadi. Bu dars jarayoni qiziqarli o‘tishi va o‘quvchilarda IT bo‘yicha ko‘nikma shakllanishiga asos yaratadi (g‘oya muallifi Aleksandr Gorovik).

Yuqoridagi besh loyiha 40 million so‘m bilan rag‘batlantirildi, g‘oya mualliflariga smartfon hamda biznes va rivojlanish bo‘yicha seminarlarda bepul qatnashish imkoniyatini beruvchi sertifikat topshirildi. Bundan tashqari, investorlar o‘zlariga ma'qul bo‘lgan loyihaga homiylik qilishlari mumkin. 

«Startap g‘oyalar» BMTning taraqqiyot dasturi (UNDP) va O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi hamkorligi doirasida yo‘lga qo‘yilgan dastur bo‘lib, u oliy ta'lim muassasasi talabalari va yoshlarning startap loyihalari, innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va yo‘lga qo‘yishga yordam berishni maqsad qiladi.

Foto: Yoshlar ittifoqi press klubi