Mamlakatimiz viloyatlari orasida eng yoshi va tom ma'noda boy hududlisi Navoiy viloyatidir. Bugungi kunda viloyat har tomonlama rivojlangan, obod hududga aylanib bormoqda. Navoiy mamlakatimizda hududiy jihatdan eng katta viloyat, Qoraqalpog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Uning umumiy maydoni110,99 ming kv. kmni tashkil etadi.

Viloyatda 900 mingga yaqin aholi yashaydi. Navoiyda 8 ta tuman bor: Xatirchi, Qiziltepa, Karmana, Navbahor, Nurota, Konimex, Uchquduq va Tomdi tumanlari. Ulardan tashqari viloyatda 2 ta yirik shahar — Navoiy hamda Zarafshon, 38 ta shaharcha va 54 ta qishloq fuqarolari yig‘inlari mavjud.

Kun.uz viloyat hokimlari bilan ochiq muloqot loyihasi doirasida Navoiy viloyatiga borib, viloyat rahbari Qobul Tursunovning faoliyatiga nazar tashladi. 2016 yildan beri viloyat hokimi lavozimida ishlab kelayotgan Qobil Beknazarovich qabulida bo‘lib, viloyatda amalga oshirlayotgan ishlar va mavjud muammolar yuzasidan samimiy suhbatda bo‘ldi.

Tas-IX

YouTube

— Qobul Beknazarovich, suhbatimiz avvalida tugab borayotgan yilning Navoiy viloyatidagi yakunlariga to‘xtalsak. 2018 yil viloyat uchun qanday kechdi? Qanday qiyinchiliklarga duch kelindi va qanday muvaffaqiyatlarga erishildi?

— Umuman olganda, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlarda, avvalambor, bitta umumiy maqsad — xalq farovonligi, yurtimiz ravnaqi, Vatanimiz obodligi yotadi. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan va amaliyotga joriy etilgan harakatlar strategiyasidagi besh ustuvor yo‘nalish bo‘yicha yil boshidanoq ishlab chiqilgan «yo‘l xaritalari», qolaversa, qabul qilingan dasturlar doirasida Navoiy viloyatida o‘tgan yildagidek 2018 yilda ham bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Yil boshida prezidentimiz tashrifi doirasida viloyatdagi mavjud muammolar va ularning yechimi borasida yig‘ilish bayoniga asosan, 120 banddan iborat chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan edi. Bugungi kunga kelib o‘sha dasturdagi masalalarning 105 tasi o‘z yechimini topdi. Yil yakuniga qadar qolgan 15 tasini ham hal qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.