Jamiyat | 09:15 / 05.01.2019
16895
5 daqiqa o‘qiladi

Xatirchi tuman hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasidagi bir necha yillik muammo qachon yechim topadi?

Tahririyatga so‘nggi vaqtlarda huquqlari buzilayotgan tadbirkorlar tomonidan ham ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Ayniqsa, hokimliklar va tadbirkorlar o‘rtasidagi nizoli vaziyat, mavjud muammolar yechimi yuzasidan ko‘p shikoyatlar kelmoqda.

Shu mazmundagi murojaatlarning navbatdagisi Navoiy viloyati Xatirchi tumanidan bo‘ldi.

«Biz - 100ga yaqin tadbirkorni faoliyatimizni to‘xtatishimizga majbur qilishyapti. «Xatirchi dehqon bozori» hududida o‘z mablag‘imizga qurib, ishga tushirgan do‘konlarimizni hokimlik tortib olib, bozor ma'muriyatiga to‘lov qilishimizni talab qilyapti. O‘zimiz qurgan do‘konga tegishli hujjat qilib berishmayapti. Bizni aldashdi. Shu masalada yordam berishingizni so‘raymiz», – deyiladi murojaatda.

Ushbu murojaatni joyida o‘rganish maqsadida Xatirchi tumaniga yo‘l oldik.

Tadbirkorlar bilan ko‘rishib, ularning e'tirozlarini tingladik.

«Ushbu bozor hududida shaxsiy do‘konlarimiz bor edi. Kadastr hujjatlari bor edi. 2013 yil tuman hokimi bozorni qayta rekonstruksiya qilish maqsadida do‘konlarni buzdirdi. O‘z mablag‘larimiz hisobidan zamonaviy qilib qurdik. Bor xarajatni o‘zimiz qildik. Qurib bitkazganimizdan so‘ng bizga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib bermasdan yangi qurilgan do‘konlarni bozor balansiga o‘tkazishdi. Endi o‘zimiz qurgan do‘kon uchun bizdan ijara puli talab qilishyapti. O‘sha vaqtda tuman hokimi pensiya uchun budjetdan pul yetmayapti, kim 50 million so‘mdan bank orqali budjetga pul kiritsa, o‘shalarga yerni va do‘konni beramiz, degandi. Hamma tadbirkorlar shunchadan pul qo‘ydi. Bundan ortiq berganlar ham bo‘ldi. Qurilishni ham o‘z hisobimizdan qildik, aytgan pulini bankka qo‘ydik. Endi aytilgan va'dalar bajarilmayapti. Ijara va boshqa to‘lovlarni to‘lamasak, o‘zimiz qurgan do‘kondan chiqarib yuborishmoqchi. 100 ga yaqin tadbirkorlarning bu masalada boshi qotgan. Shuncha xarajat qilib, nega endi chiqib ketishimiz kerak? Qayerga murojaat qilsak ham besh yildan buyon bu nizoli muammo hal bo‘lmayapti. Tuman mutasaddilari hokimiyatni nohaq qilarmidi? Ular uchun hokimning aytgani aytgan. Viloyatdan kelganlar esa yana hokimiyatga havola qilib ketadi. Biz, tadbirkorlarning huquqini hech kim himoya qilmayapti», – deydi tadbirkorlar.

O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, bozordagi do‘konlar qayta qurilishidan avval kadastr hujjatlariga ega bo‘lgan. Mulk egasi sifatida tadbirkorlarning nomlari ko‘rsatilgan.

Xatirchi tuman hokimi va'dasi bilan tadbirkorlar do‘konlarini buzib, o‘z mablag‘lari hisobidan zamonaviy ko‘rinishda qurishadi. Ammo qurilishlar yakuniga yetgandan keyin do‘konlarning barchasi bozor balansiga olingan.

Xo‘sh, unda tadbirkorlarning qurilish uchun sarflagan katta miqdordagi xarajatlari nima bo‘ladi? Hujjatlar rasmiylashtirilmasa, ularni kim qoplab beradi?

Ushbu nizoli holat yuzasidan Xatirchi tuman hokimligida tuman mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

Xatirchi tuman hokimi G‘ofir Aliyev, tuman prokurori Nurmurod Avazov, tegishli tashkilotlar vakillari va tadbirkorlar ishtirokida ushbu masala muhokama etildi.

Tuman hokimi G‘.Aliyev ushbu masala tez orada hal etilishiga va'da berdi. Tuman prokurori bu ishni o‘z nazoratiga olishini va mazkur masala yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv olib borilib, xulosa qilinishini bildirdi.

Shuningdek, ushbu nizoli vaziyat bo‘yicha holatni Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov bilan uchrashganimizda ham bildirib o‘tdik. Viloyat rahbari tez orada bu holatga oydinlik kiritishini aytib o‘tdi.

Kun.uz ushbu bir necha yillik nizoli vaziyatni tegishli tashkilotlar tomonidan ijobiy hal etilishiga umid bildiradi va voqealar rivojini kuzatib, bu mavzuga yana qaytadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li.
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid