Yangi ish boshlanganda fuqarolar, rahbarlarning fikrlashini o‘zgartirish lozim va dunyoqarash birdan o‘zgarib qolishi juda qiyin, deb hisoblaydi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev.
Uning aytishicha, [majburiy mehnat bilan kurashda] eng asosiy vazifa quyida, tuman darajasidagi rahbarlar yoki sektor darajasidagi boshliqlarga majburiy mehnatdan foydalanish ertaga katta ziyonga sabab bo‘lishini uqtirish bo‘ldi.
«O‘qituvchi paxtaga chiqsa, bugun paxta paydo bo‘lar, lekin u bolalarga bilim bermadi. Uning o‘z dunyoqarashi o‘zgardi. Sog‘liq saqlash tizimidagi xodimlarni paxtaga chiqarsak, ular paxta tergan qo‘llari bilan ukol qilmaydi. Buning ziyoni ko‘p, deya rahbarlarga tushuntirish uchun sarflangan kuch bitta masala bo‘ldi», – deydi u Kun.uz'ga bergan intervyusida.
Bundan tashqari, vazir professional qobiliyati yetarli bo‘lmagan mahalliy darajadagi rahbarlar kamchiliklarni ma'muriy yo‘l bilan yopmoqchi bo‘lgani haqida gapirdi.
«O‘z vaqtida shudgorni tashkil etishga imkoni bor edi, ishlarni nazorat qilsa bo‘lardi. Suvni ham o‘z vaqtida, samarali taqsimlab, xo‘jalik ishlarini rivojlantirish mumkin. Eng muhimi – otryadlar taqsimotini to‘g‘ri amalga oshirish mumkin. Ayrim rahbarlarning kasbiy professionalligi pastligi, mahorati yetmagani tufayli kuch ishlatib, tashkiliy ishlarni bajarishga harakat qildi.
Qishloq xo‘jaligiga bozor iqtisodiyoti mexanizmlari kirishi kerak. Masalan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan don bo‘yicha qarorda ko‘rsatilgan bandlar bilan, o‘ylaymanki, endi don mahsulotlari bo‘yicha muammo kam bo‘ladi. Negaki, hosildorlik me'yordan ortsa, yer solig‘i stavkasi va xarid narxi kamayadi», – deydi u.
Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allan esa boshqa fikrda. U O‘zbekistonda paxta hosilini yetishtirishga qo‘yiladigan reja majburiy mehnatga qarshi samarali kurash olib borishga to‘sqinlik qilayotganini aytgandi. Vazir Sherzod Kudbiyev bu masalaga boshqa nigoh bilan qaraydi. Uning ta'kidlashicha, prognozlashtirilgan reja ko‘rsatkichlarini belgilash jahon tajribasida odatiy holga aylangan.
«Barcha davlatlar, xususan rivojlangan davlatlar ham prognozlashtirilgan reja ko‘rsatkichlarini belgilab oladi. Men rejalarni belgilab olish majburiy mehnatga olib boruvchi asosiy omillardan biri, deb bilmayman. Lekin rejada belgilangan ishlarni tashkil etish masalasi faqat bozor iqtisodiyoti tamoyillari asosida amalga oshirilishi kerak», – deb qo‘shimcha qilgan u.















