O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha xalq ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident farmoni loyihasini muhokama etish uchun e'lon qilindi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Konsepsiyada 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasi hamda uni amalga oshirish uchun yo‘l xaritasi tasdiqlanishi taklif etilgan. Ushbu hujjat mamlakatda 2030 yilgacha xalq ta'limini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Konsepsiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• Uzluksiz ta'lim, shuningdek, professional kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini mazmunini sifat jihatdan yangilash;
• Ta'lim berish metodlarini takomillashtirish, o‘quv jarayonini individuallashtirish tamoyillarini bosqichma-bosqich amalga oshirish;
• Xalq ta'limi tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarni joriy etish;
• Xalq ta'limi tizimidagi ta'lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va budjet mablag‘larini moliyalashtirish samaradorligini oshirish;
• Yoshlarni tarbiyalash, shuningdek, ularning bandligini ta'minlashda maktabdan tashqari ta'limning zamonaviy usullari va yo‘nalishlarini joriy etish.
Konsepsiya loyihasida ta'kidlanishicha, 2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida 9691 ta umumta'lim maktablari (jumladan, ayrim fanlarni chuqur o‘rganish bo‘yicha 335 ta davlat ixtisoslashtirilgan maktablar) mavjud. Ayni vaqtda umumta'lim maktablarida 5,2 milliondan oshiq o‘quvchi, shuningdek 37 ta nodavlat ta'lim muassasasida esa 7,5 mingga yaqin o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda.
Konsepsiyada shuningdek, xalq ta'limi sohasidagi mavjud muammolar ko‘rsatilgan. Xususan, mazkur muammolar maktab ma'muriyati tizimida ham mavjud. Jumladan, mahalliy davlat idoralari maktablarga yordam bermasligi ta'kidlangan. Bundan tashqari, davlat ta'lim xizmatlari darajasi aholi talab va takliflariga javob bermaydi.
Farmon loyihasida umumiy o‘rta ta'limni metodik ta'minlashda kamchiliklar mavjudligi ta'kidlanadi. Darsliklarning muqobil varianti mavjud emas. Maktablarni moddiy-texnik jihozlash va moliyalash tizimida ham muammolar mavjud.
Mazkur konsepsiya xalq ta'lim tizimining rivojlanishining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Hujjatga binoan, taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari ta'lim mazmunini modernizatsiyalaydi. Tarkibiy o‘zgarishlar hamda sifatli ta'limning teng huquqliligini ta'minlaydi.














