10 yanvar kuni O‘zbekiston prezidentning «Iqtisodiy rivojlanish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, Iqtisodiyot vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi etib qayta tashkil etilgan.

Quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilangan:
- makroiqtisodiy indikatorlarni tahlil qilish va prognozlash asosida iqtisodiyotni boshqarishning bozor mexanizmlarini joriy etish va iqtisodiyotning real sektori holati, tashqi bozorlari kon'yunkturasi hamda global va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tendensiyalari bilan bog‘liq holda iqtisodiyot asosiy sohalarini rivojlantirish strategiyasini shakllantirish;
- xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va «xufyona» iqtisodiyot ulushini qisqartirish uchun qulay sharoit yaratish, jumladan iqtisodiy jarayonlarda davlat ishtirokini qisqartirish, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, moliyaviy va ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish qulayligini ta'minlash, shuningdek, kichik sanoat zonalari salohiyatidan samarali foydalanish orqali bunga erishish;
- milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish va diversifikatsiya qilishni, shuningdek, hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish uyg‘unligini ta'minlash maqsadida ishlab chiqarish kuchlarini samarali joylashtirish, hududlarning mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslaridan samarali foydalanish asosida mamlakat sanoatini rivojlantirish strategiyalarini (modellarini) ishlab chiqish;
- innovatsiya qurilmalari va texnologiyalarini joriy qilish, mehnat unumdorligini oshirish, ishlov berish tarmoqlarini jadal rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish asosida tovar bozorlari muvozanatini ta'minlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan sanoat siyosatini amalga oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish asosida uning importga qaramligini kamaytirish orqali milliy iqtisodiyotning eksport salohiyatini oshirish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini ishlab chiqish; shuningdek respublika hududlari va xorijiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini kengaytirish;
- urbanizatsiya sohasida davlat siyosatini kuchaytirish, ishlab chiqarishlarni oqilona joylashtirish, turar joylarni muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilma bilan birgalikda qurishni inobatga olgan holda urbanizatsiya jarayonlarini davlat tomonidan samarali tartibga solishni ta'minlash, shuningdek yer uchastkalariga oid zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish;