O‘zbekistonda qish mavsumi boshlanishi bilan aholini ko‘p o‘ylantiradigan asosiy masala – uzluksiz elektr energiya ta'minoti bu mavsumda kafolatlanadimi? Negaki, respublikaning nafaqat olis hududlari, balki viloyat markazlari, hattoki, Toshkent shahrida ham uzilishlar kuzatilishi odatiy holga aylanmoqda.
Soha atrofida yig‘ilib qolgan muammolar, energetika kelajagi haqida energetik-muhandis Zafar Safoyev bilan fikr almashib, ushbu intervyuni Kun.uz o‘quvchilariga havola etamiz.

– Zafar aka, aholi tomonidan energetikaga oid muttasil berilayotgan savollarga javob bormi?
– Albatta, doim kuzatib kelamiz. Tashqarida yursam ham, O‘zbekistondagi vaziyatdan doim boxabar bo‘lishga harakat qilaman. O‘zbekistonda kuzatilayotgan uzilishlar tabiiy hol edi. «O‘zbekenergo» AJ «uzluksiz berishga va'dalar» beradi. Aslida, buning imkoniyati yo‘q. Chunki, uzluksiz energiya bilan ta'minlash uchun, shuncha ishlab chiqarish quvvati ham bo‘lishi kerak. 2016 yo 2017 yil e'lon qilingan statistikaga ko‘ra, 59 mlrd kVt/s elektr energiya ishlab chiqarilgan. Buning hisobini qilganimda, O‘zbekistonda mavjud elektrostansiyalar yarim quvvat bilan ishlayotgani oydinlashdi. [Elektrostansiyalarning] eng yoshi ham 20 yil avval qurilgan. Yangilari esa qurilmagan. Aksincha, mustaqillik yillarida aholi sonida o‘sish davomiy kuzatilyapti, ularning daromadi oshgandan keyin, elektrotexnikaga bo‘lgan ehtiyoj oshadi: uyga sovutgich, televizor, kompyuter sotib oladi.
Bundan tashqari, yangi fabrika, zavodlar ochilmoqda. Bularning barchasi elektroenergiya bilan ishlaydi. Ular energiya bilan ta'minlanmasa, aholining iste'moli uchun nazarda tutilgan energiya hissasidan olishga to‘g‘ri keladi. Mana shu sababdan ham, ko‘p joylarda elektroenergiyada uzilishlar bor.
– Siz ta'kidlayapsizki, [elektrostansiyalar] yarim quvvat bilan ishlayapti. Ko‘pincha, bu – yoqilg‘i masalasiga bog‘liq, ko‘mir yo gazning yetishmasligi, o‘z vaqtida, sifatli mahsulot yetkazilmasligi. Shuningdek, joylarga ham yetkazib berilmayotgan gazning o‘rnini issiqlik energiyasi sifatida bosish elektroenergiya zimmasida qolmoqda. Tabiiyki, yana-da ko‘proq energiya talab etilyapti. Biz an'anaviy energetikadan voz kechib, zamonaviy uslublarga o‘tishimiz kerakmi?

– An'anaviy energiya ishlab chiqarishdan voz kechishimiz kerak emas. Takomillashtirish zarur. Elektrostansiyalarning ko‘pi juda eski. Transformatorlar ma'nan eskirgan. Unda muammo chiqsa, ta'mir ishlari ko‘p vaqt talab etadi. Tuzatsangiz, boshqasi buziladi. Mana shunaqa muammolar ko‘pligi ham uzilishlarga ta'sir qiladi.














