Samarqandda birinchi vazirlar uchrashuvi yakunlandi
12-13 yanvar kunlari Samarqand shahrida Afg‘oniston ishtirokidagi «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqoti tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Samarqand Forumlar saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj raislik qildi.
Yalpi sessiyada Qirg‘iziston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston tashqi siyosat idoralari rahbarlari Chingiz Aydarbekov, Beybut Atamqulov, Sirodjiddin Muhriddin, Rashid Meredov ikki va ko‘p tomonlama shakllarda Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilishdi.
Tadbirda o‘zaro savdo o‘sishiga ko‘maklashish choralari, mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga sarmoya, innovatsiya, texnologiyalarni jalb qilish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari, Markaziy Osiyo davlatlarining tranzit va transport-kommunikatsiya salohiyatini rivojlantirish, turistik safarlarni oshirish, shuningdek, ilm-fan, tibbiyot, ta'lim va sport sohalarida muayyan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.
Delegatsiyalar rahbarlari nutqlarida BMT Bosh Assambleyasining «Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasini inobatga olgan holda yoshlarga oid qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga asosiy e'tibor qaratildi.
Muloqotning alohida yalpi sessiyasida Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniy boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
«Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqotining tashqi ishlar vazirlari Afg‘onistonning nufuzli delegatsiyasi ishtirokini ma'qulladilar hamda mamlakatni mintaqa va jahon iqtisodiy aloqalari tizimiga jalb etishga xizmat qiladigan qo‘shma infratuzilma, tranzit-transport, energetika va boshqa loyihalarni amalga oshirish orqali Afg‘onistonning iqtisodiy tiklanishiga yordam berishga tayyor ekanliklarini ta'kidlashdi.
2019 yilning ikkinchi yarmida Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Afg‘oniston bo‘yicha sakkizinchi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasini (ReSSA VIII) o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida hamkorlik qilishga tomonlar hozir ekanliklari tasdiqlandi.
Delegatsiyalar rahbarlari Muloqot ishtirokchi davlatlari ishbilarmon doiralari o‘rtasida bevosita aloqalarni faollashtirish, madaniy tadbirlar, Afg‘oniston bilan ta'lim va ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga ulkan salohiyat mavjudligida e'tibor qaratdilar, xalqaro yoshlar forumlari, festivallar, tanlovlar, ilmiy anjumanlar, ko‘rgazmalar va boshqa qo‘shma tadbirlarda Afg‘oniston tomonining ishtirok etishiga ko‘maklashish istagini izhor etdilar.
Ta'sis Sammiti yakunlariga ko‘ra Qo‘shma bayonot qabul qilinib, unda tashqi ishlar vazirlari darajasida «Hindiston – Markaziy Osiyo» muloqoti joriy etilgani to‘g‘risida ma'lum qilindi.
Umuman olganda, vazirlar uchrashuvi yakunlari Muloqot doirasida ko‘p qirrali, o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirishga umumiy qarashlar va yondashuvlar mavjudligidan dalolat beradi. Tashqi ishlar vazirlari darajasida muntazam ravishda Muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan Vazir Sushma Svarajning navbatdagi vazirlar uchrashuvini 2020 yili Hindistonda o‘tkazish taklifi ma'qullandi.
Uchrashuv ishtirokchilari nutqlarida asrlar davomida Markaziy Osiyoning Hindiston yarim oroli bilan keng qamrovli siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligida faol rol o‘ynagan qadimiy Samarqandda Muloqotning birinchi uchrashuvini o‘tkazilishida chuqur ramziy ma'no mavjudligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunidan so‘ng O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Hindiston Tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari qarshisida so‘zga chiqishgan.
Mavzuga oid
09:28
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024