Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni O‘zAda keltirildi.
Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimizning muhtaram faxriylari!
Qadrli yurtdoshlar!
Sizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 27 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan siz, azmu shijoatli harbiylarimizni sharaflab, xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlaringiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Mutafakkir shoir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir.
Biz sizlar bilan — ana shunday g‘oyat mas'uliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Aynan sizlarning yerda va ko‘kda, suvda va quruqlikda olib borayotgan mardona xizmatlaringiz tufayli osmonimiz musaffo, bolalarimiz, mo‘tabar onalarimiz, keksalarimiz xotirjam yashamoqda, yurtimiz obod, xalqimiz hayoti farovon bo‘lmoqda.
Fursatdan foydalanib, o‘z farzandlarini — Qurolli Kuchlarimizning askar va ofitserlarini Alpomishdek botir, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiylarimiz bilan hayot quvonchi va tashvishlarini doimo baham ko‘rib kelayotgan ularning rafiqalari va oila a'zolariga katta rahmat aytishni o‘zimning burchim, deb bilaman.
Muhtaram vatandoshlar!
Mana shu bayram kunlarida barchamiz Vatan, xalq va armiya biri-biriga naqadar yaqin va mushtarak ekanini har qachongidan ham teran his etmoqdamiz.
Bu borada armiya va xalq birligini ta'minlashga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma — harbiy-ma'muriy sektorlar barcha hududlarda samarali faoliyat yuritayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.









