Osiyo Kubogining «F» guruhida muddatidan oldin pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritib bo‘lgan O‘zbekiston termasi ertaga, 17 yanvar kuni so‘nggi 3-turni Yaponiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bugun ushbu uchrashuv o‘tkaziladigan Al-Ayn shahridagi «Xalifa bin Zayid» stadionida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper va yarimhimoyachi Javohir Sidiqov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

«Ertaga Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri Yaponiyaga qarshi o‘ynashimizni tushunib turibmiz. Biz faqatgina ertangi o‘yin haqida o‘ylayotganimiz yo‘q, pley-off bahslari haqida ham bosh qotirmoqdamiz. Shunga qaramay, o‘yinda g‘olib chiqib, guruh peshqadami bo‘lishni maqsad qilganmiz. Ba'zi faktorlarni hisobga olishimiz kerak. Jarohatlardan ehtiyot bo‘lishimiz kerak. Nimchorak finalda qaysi raqibga qarshi o‘ynashimizga u qadar katta ahamiyat qaratmagan bo‘lardim», – dedi Kuper anjumanning kirish qismida.

«Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri – ertangi raqibimiz. Shuning uchun ham yaxshi tayyorgarlik olib boryapman. Minimum vazifa uddalangan bo‘lsa ham, ertaga kuchli jamoaga qarshi o‘zimizni sinab ko‘rish imkoniyatiga egamiz», –  deb ta'kidladi Javohir Sidiqov.

– Tarkibda rotatsiyalar ko‘ramizmi? Yaponiyaga qarshi qandaydir syurpriz tayyorlab qo‘yganmisiz? 
– Ertaga faqat uch ochko uchun maydonga tushamiz, shunga qaramay jamoaning jismoniy holati haqida qayg‘urishimiz kerak. Ikki o‘yinda 180 daqiqa to‘p surgan futbolchilarga dam beramiz. Shuningdek, sariq kartochkasi bor o‘yinchilarni ham asrashimiz lozim. Afrika kubogidagi salbiy tajribamdan kelib chiqib jarohatlar masalasiga ancha ehtiyotkorona yondashaman. Kimlar zaxirada qolishini bugungi mashg‘ulotlardan keyin hal qilamiz.

– Avstraliyaga duch kelib qolish variantiga qanday qaraysiz?

– Tarkibda qandaydir o‘zgarishlar qilishimizdan qat'iy nazar, ertaga g‘alaba qozonish vazifamiz o‘zgarmay qolaveradi. Tarkibdagi 23 futbolchining barchasi sog‘lom va shay holatda. Men uchun pley-offda kimga qarshi o‘ynash u qadar muhim emas. Chempionlikni ko‘zlagan jamoa barchaga qarshi o‘yinga tayyor bo‘lishi kerak. Yevropa Chempionlar ligasida klubni boshqarganimda ham keyingi bosqichlardagi raqibimiz kim bo‘lishi borasida ko‘p ham xavotir olmasdim.