Davlat rahbari ommaviy axborot vositalari so‘zda emas, amalda «to‘rtinchi hokimiyat»ga aylanishi kerakligini ta'kidladi. Bu ko‘ngil uchun aytilgan gap emas, g‘oya. Lekin shu g‘oyani aynan qanday amalga oshirish mumkin, degan savolni berganimiz yo‘q. O‘zi kim kimga savol berishi kerak — avval shuni aniqlashtirib olish joiz.
Qonun chiqaruvchi, ijro hokimiyatidagilarning ishi boshidan oshib yotibdi. Har kuni qancha qonun, qancha me'yoriy hujjat qabul qilinyapti. Ya'ni tashabbusni yuqoridagilardan kutib o‘tirib, taklif chiqmasa, arazlaydigan zamon emas. Harakatni o‘zimiz boshlashimiz kerak, deb yozadi To‘lqin To‘raxonov «XXI asr» gazetasida (51-son) chop etilgan maqolada.
2010 yilda e'lon qilingan «Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi»ning uchinchi — axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta'minlash qismida o‘z vaqtida qator takliflar ilgari surilgandi. Ularning aksariyati amalga oshdi, o‘z natijasini beryapti. Ammo ba'zilari — «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida» va «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilish masalasi nima bo‘ldi?
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari milliy bazasi (lex.uz)ga murojaat qilganda bu borada faqatgina Prezidentning 2011 yil 14 yanvarda qabul qilingan farmoyishi namoyon bo‘ladi. Unga ko‘ra, axborot sohasini isloh qilish hamda so‘z va axborot erkinligini ta'minlash sohasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida dastur qabul qilinib, jumladan, «Ommaviy axborot vositalari faoliyatining iqtisodiy asoslari to‘g‘risida» va «Ommaviy axborot vositalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Ushbu qonun loyihalarining nomini yozib qidirsak, «Sizning so‘rovingiz bo‘yicha hujjat topilmadi» degan yozuv chiqadi.
OAVga qo‘l ostidagi boshqaruv tuzilmalarining biri sifatida munosabatda bo‘lgan davlat hurfikrlilik, qarashlar erkinligi va xilma-xilligi — jamiyatning rostgo‘ylik xislatini yo‘qotadi. Bunday holatda jamiyat mo‘rtlashib ketaveradi. Har kuni hukumat faoliyatini yoritib turadigan, tinimsiz axborot beradigan bir-ikkita OAV bo‘lsa yetadi, qolgani boshog‘riq, deb o‘ylayotganlar yanglishadi.
Birgina misol — Rossiya Federatsiyasining yangi yilga mo‘ljallangan budjetida bir qancha ommaviy axborot vositalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘ ajratish masalasi ko‘zda tutildi. Parlamentdagi muhokamalar paytida deputatlar mahalliy bosma nashrlarni ham davlat budjetidan qo‘llash taklifini o‘tkazishga erishdi.
Bu borada bizda vaziyat qanday? Xabaringiz bor, yaqinda 2019 yilga mo‘ljallangan davlat budjeti loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilingandi. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tasarrufidagi hududiy bo‘linmalar va unitar korxonalarning xarajatlarini respublika budjetidan moliyalashtirish tartibi saqlab qolindi. Ammo boshqa ommaviy axborot vositalarini qo‘llash masalasi hozircha hukumatdan ham, deputatlardan ham chiqqani yo‘q.















