Osiyo Kubogi guruh bosqichining 3-turidagi Yaponiya–O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida dastlab Yaponiya termasi bosh murabbiyi Hadzime Moriyasu va yarimhimoyachi Toshihiro Aoyama ishtirok etdi.

Image
Foto: Kaoru Watanabe

«O‘zbekistonga qarshi o‘yin natijasiga ko‘ra biz guruh g‘olibligini qo‘lga kiritishimiz yoki boy berishimiz mumkin. Men g‘alaba qozongan holda pley-offga guruh yetakchisi sifatida chiqishimizni istayapman. Shuning uchun ham bugun mashg‘ulotlarni yaxshi o‘tkazishga e'tibor qaratamiz», – deya o‘yinoldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Moriyasu.

«Ertangi o‘yinda ham jismonan, ham ruhan eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsata olishimiz uchun bugungi mashg‘ulotda astoydil shug‘ullanishimiz kerak», – deya qayt etib o‘tdi Toshihiro Aoyama. Ma'lumot uchun, «Sanfrechche Xiroshima» yarimhimoyachisi dastlabki ikki tur o‘yinida ham zaxirada qoldirilgan. 

«Musobaqaga kelishdan oldin biz o‘z oldimizga dastlab guruh g‘olibi bo‘lishni, keyin esa chempionlikka erishishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Shunday ekan, ertaga shogirdlarimdan o‘yinga yetarlicha jiddiy munosabatda bo‘lishni, unda g‘alaba qozonish ishtiyoqi bilan to‘p surishni va bu qo‘llaridan kelishlariga ishonishlarini istayapman.

Pley-offda Avstraliya bilan to‘qnash kelib qolmaslikni istagan bo‘lardim. Ishonamanki, nimchorak finalga yo‘l olgan jamoalar orasida kuchsizi yo‘q. Biz turnir g‘olibi bo‘lishdek katta maqsadni qo‘ygan ekanmiz, bu yo‘ldagi har bir o‘yinga maksimal tayyorgarlik bilan chiqib, g‘alaba qozonishimiz zarur. Avstraliya birinchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, jamoa saviya va kuch jihatdan yuqori o‘rinda turadi», – deya qayd etib o‘tdi Hadzime Moriyasu.

Foto: Kaoru Watanabe

Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyi dastlabki ikki o‘yinda ham uch nafar futbolchi almashtirish imkoniyatidan to‘la foydalanmaganiga quyidagicha izoh berdi. «O‘yinchi almashtirish borasidagi qarorlarni men qabul qilaman. Bu zaxira futbolchilarimiz o‘yinni kuchaytira olmaydi, degani emas. Bu aynan shu uchrashuvlar uchun eng to‘g‘ri qaror edi. Oqibatda biz ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozondik.

Men ham iloji boricha ko‘proq futbolchilar xizmatidan foydalanishni istayman, ammo sharoit shuni taqozo qilishi kerak. Hozir guruhdan chiqish masalasini hal etib bo‘lganmiz, ertangi o‘yinga doir so‘nggi ko‘rsatmalarni bugun beraman», – dedi Moriyasu.