So‘nggi vaqtlarda tahririyatga aholidan kam ta'minlangan va ko‘p bolali oilalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash tartibiga oid ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shunga ko‘ra, qayd etilgan masalaga oid murojaat va savollar yuzasidan amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartib va qoidalarga oid tushuntirish berishga qaror qildik.

Nafaqa va moddiy yordamning qanday turlari mavjud, u kimlarga beriladi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 15 fevraldagi 44-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra nafaqa va moddiy yordamning quyidagi turlari mavjud:

- bolali oilalarga, ya'ni 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa;

- bola parvarishi bo‘yicha nafaqa, ya'ni bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa;

- kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam.

Yuqorida qayd etilgan nizomga ko‘ra, ushbu nafaqa va moddiy yordam har bir oila a'zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori eng kam oylik ish haqi (jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan)ning 1,5 baravardan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.

Fuqarolar yig‘ini tomonidan ehtiyojmand deb e'tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega.

Quyidagilar bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga ega:

ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;

ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;

14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);

nogiron bolasi (bolalari) bo‘lgan oilalar;

bolani (bolalarni) to‘liq bo‘lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar (otalar). Bunda bolaning amalda to‘liq bo‘lmagan oilada ona (ota) tomonidan tarbiyalanishini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi belgilaydi;

ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;

yolg‘iz pensionerlar.