16:40 / 26.01.2019
11410

Yoshlar Ittifoqi 2 trillion pulni qanday sarflashini tushuntirdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 27 iyundagi «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi 2019 yilda 2 trillion so‘m budjetga ega bo‘lgandi.  

«Hozirgi kunga kelib, hududiy komissiyalar tomonidan manzilli ro‘yxat shakllantirildi va respublika komissiyasiga taqdim qilingan. Ushbu ro‘yxatda 8913ta loyiha mavjud bo‘lib, ularning umumiy qiymati 2 trillion 98 milliard so‘mni tashkil etadi», – deydi jamg‘arma ijrochi direktori Bunyodbek Bahrombekov. 

Ma'lum qilinishicha, ajratilgan pullarning 1 trillion so‘mdan ortig‘i ishlab chiqarish, 600 milliarddan oshig‘i xizmati ko‘rsatish, qolgan mablag‘lar esa qishloq xo‘jaligi sohasiga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 

«Tadbirkorlik bilan shug‘ullanishni istagan yoshlar hududiy komissiyaga murojaat qiladi, davlat dasturida ta'kidlangan 4ta band talablariga muvofiq hujjatlar qabul qilinadi. Hujjatlar respublika komissiya tasdig‘idan o‘tgandan so‘ng, loyihalar moliyalashtiriladi», – deb qo‘shimcha qilgan ijrochi direktor.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi «Yoshlar – kelajagimiz»​ jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamg‘arma o‘z faoliyatida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashiga hisobot beradi.

Jamg‘arma o‘z faoliyatini quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiradi:

yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat siyosatini yuritishda ishtirok etish, moliyaviy xizmatlardan foydalanishni kengaytirish hamda imtiyozli kredit va mol-mulkni lizingga berish uchun resurslar ajratish;

davlat dasturi doirasida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash;

yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish orqali ish o‘rinlari tashkil etish imkonini beradigan davlat, tarmoq va hududiy dasturlar, loyihalar hamda tadbirlarni amalga oshirish da ishtirok etish;

tadbirkorlik sub'yektlarining innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, yangi turdagi mahsulotlar yaratish va ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, shuningdek ishlab chiqarish faoliyatiga samarali yangi texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashish;

ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan birgalikda respublikada yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish muammolarini o‘rganishga doir kompleks ilmiy va amaliy tadqiqotlarni amalga oshirilishida ishtirok etish.​

Top