O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 yanvar kuni valuta siyosati va tashqi savdo faoliyati sohasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda iqtisodiyot rivojlanishi va tadbirkorlar faoliyati uchun katta to‘siq bo‘lib kelgan valutani erkin sotib olish va sotish borasidagi cheklov va muammolar bartaraf etilgani qayd etib o‘tilgan. Ta'kidlanishicha, oldingi yillarda eksport tushumlari bo‘yicha majburiy sotuv talabi bor paytda eksportdan tushgan valuta tushumlarining ichki bozorga ishlatilishi 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bunday cheklov va talablar olib tashlanganidan keyin ushbu ko‘rsatkich 61 foizga yetdi.

Buning natijasida tashkilotlar o‘zlari uchun zarur xomashyo va asbob-uskunalarni xarid qilish, joriy va investitsiya ehtiyojlarini qoplash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, o‘tgan yili sanoat hajmlari 14,4 foizga, eksport tushumi 19 foizga o‘sdi va eksportyorlarning banklarga sotgan valuta hajmi 1,9 barobar oshishiga erishildi.

Bu esa, o‘z navbatida, mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, raqobatbardosh ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Davlat rahbari 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida valutani erkinlashtirish siyosatini izchil davom ettirish, barqaror monetar siyosatni amalga oshirish iqtisodiyot sohasidagi muhim vazifalardan ekanini ta'kidlagan edi. Yig‘ilishda shu boradagi chora-tadbirlar muhokama qilindi. Valuta zaxiralaridan oqilona foydalanish, ushbu zaxirani boshqarishning aniq strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, oltin-valuta zaxiralari tarkibini optimallashtirish, valutalarni saqlashda xalqaro tajriba asosida qimmatli qog‘ozlar, jumladan, yuqori likvidli obligatsiyalardan foydalanish zarurligi ta'kidlandi.

Valuta tushumlari va oltin-valuta zaxiralarining ko‘payishini ta'minlashda eng optimal yo‘l bu – eksport salohiyatini oshirishdir. Shuning uchun bu yil eksport prognozlari o‘tgan yilga nisbatan 1,3 barobar ko‘proq qilib belgilangan.

Lekin, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarda hanuzgacha eksport tushumi bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga har bir xo‘jalik birlashmasi kesimida eksport bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqib, ijrosini ta'minlash vazifasi qo‘yildi.