2018 yil Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e'lon qilindi. Yil davomida «innovatsiya» so‘zi ishlatilmagan nutq, ishlanma yo tashabbus qolmadi. Ammo innovatsiyaning asl mohiyati nima edi?
Har qanday foydali yangilik innovatsiya hisoblanadi. Agar bu yangilik tijoriylashsa, ya'ni bozorga chiqsa, bu innovatsiyaning samarasini ko‘rsatadi. Chunki jahon bozorida ham turli yangiliklar, o‘zgarishlar juda ko‘p bo‘lgan, lekin ularning barchasi ham muvaffaqiyatli yakun topmagan. 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda innovatsiyaga katta e'tibor qaratila boshlanganiga sabab asosan pulga borib taqaladi, deb hisoblaydi Karnegi tadqiqotchisi, Innovatsion rivojlanishi vazirligi loyiha rahbari Odiljon Abdurazzoqov.
AQShdagi Harvard Business School, Kolorado davlat universiteti, Ozarboyjon Iqtisodiyot universiteti bitiruvchisi, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanishi vazirligi loyiha rahbari Odiljon Abdurazzoqov Kun.uz'ga innovatsiyalarga e'tibor qaratishning ahamiyati haqida gapirib berdi.
Video: TasIX
Video: Youtube
«Bir misol keltirib o‘taman. 2011 yilda Boku shahri ma'muriyati taksi bozoriga kirish uchun 1000 dona London stilidagi taksi sotib oldi, 1000 nafar haydovchi yolladi. 20 mln dollar mashina sotib olishga, taxminan 6 mln dollar haydovchilarning maoshiga ketadi. Ta'mir, benzin va boshqa xarajatlar bilan biznesni boshlab olish uchun taxminan 30 mln dollar sarflandi.
«189» deb nomlangan, birorta ham mashinasi bo‘lmagan boshqa bir kompaniya bir yildan keyin taksi bozoriga kirib keldi. Kompaniya asoschisi ─ oddiy bank xodimi o‘zi har kuni mashinasida qatnaydigan ishi va uyi oralig‘idagi yo‘nalishda yo‘l-yo‘lakay yo‘lovchilarni olib ketishni yo‘lga qo‘yadi. Uzoq masofaga har kuni qatnaydigan mashina egalari shu usul ortida birlashadi va kompaniyaga asos solinadi. Hech qanday 30 mln dollarsiz bu kompaniya taksi bozorida muvaffaqiyat qozondi. Mana bu — innovatsiya», — deydi u.
Uning aytishicha, O‘zbekistonda har bir soha innovatsiyaga muhtoj.


















