DW nashrining Reuters agentligiga tayanib xabar berishicha, Krista Paykka nisbatan oʻlim hukmini ijro etishga urinish 30-sentabr oqshomida Nashvill shahridagi Riverbend qattiq tartibli qamoqxonasida amalga oshirilgan.
Biroq oʻlimga olib kelishi kerak boʻlgan inyeksiyadan keyin ayol tirik qolgan. dpa agentligi maʼlumotiga koʻra, unga zaharli kimyoviy moddalar bilan ikki marta inyeksiya qilingan.
Tennessida bu 200-yildan ortiq vaqt ichida ayolga nisbatan oʻlim hukmini ijro etishga qaratilgan birinchi urinish boʻlgan.
Qamoqxona maʼmuriyati bayonotida belgilangan va tasdiqlangan qatl tartibining barcha bosqichlariga amal qilingani taʼkidlangan. Rasmiylar inyeksiya uchun ishlatilgan modda avvalgi holatlarda doimo taʼsir koʻrsatganini bildirgan.
Shu bilan birga, oʻsha kuni hukmni ijro etish doirasida qoʻshimcha choralar nazarda tutilmagani qayd etilgan. Paykning tirik qolish sababi xabarda ochiqlanmagan.
Payk nima uchun oʻlimga hukm qilingan?
1995-yilda 18 yoshli Krista Payk va uning sherigi Tadaril Shipp Payk bilan birga oʻqigan 19 yoshli Kollin Slemmerni oʻldirgan.
Bir yil oʻtib, Payk birinchi darajali qotillikda aybdor deb topilib, oʻlim jazosiga hukm qilingan. Jinoyat sodir etilgan paytda 17 yoshda boʻlgan Shipp esa muddatidan ilgari shartli ozodlikka chiqish imkoniyati bilan umrbod qamoq jazosini olgan.
Nashrga koʻra, Payk AQShning zamonaviy tarixida oʻlim jazosiga hukm qilingan eng yosh ayol boʻlgan. Slemmerning koʻkragida pentagramma belgisi topilgani ishning mamlakat boʻylab katta shov-shuvga sabab boʻlishiga olib kelgan.
Advokatlar afv soʻragan
Paykning himoyachilari jinoyat sodir etilgan paytda uning atigi 18 yoshda boʻlgani va ruhiy holatini inobatga olib, afv etishni soʻragan.
Advokatlarning aytishicha, u yillar davomida onasining turmush oʻrtoqlari tomonidan jinsiy zoʻravonlikka uchragan, ruhiy muammolar va bipolyar buzilishdan aziyat chekkan.
Himoya tomoni Paykni ushlab turish va qatl uchun tibbiy kushetkaga bogʻlash sharoitlari Konstitutsiyadagi «shafqatsiz va gʻayrioddiy jazo» taqiqiga zid ekanini ham bildirgan.
















