Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining:
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyasi tasarrufidagi mavjud harbiy akademik litseylarni “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari etib qayta tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
Temurbeklar maktablarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun bilimdon, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan, teran fikrlovchi, intellektual salohiyatli, jismonan baquvvat hamda o‘z xalqi va ona Vataniga sadoqat bilan xizmat qilishga tayyor nomzodlarni tayyorlash;
yoshlar orasida o‘zining qat'iy e'tiqodi, yot g‘oyalarga nisbatan qarshi tura olishi, mafkuraviy immuniteti mustahkam hamda yuksak intizomga ega, javobgarlik va mas'uliyat tushunchalari yuqori bo‘lgan yoshlarni shakllantirish;
harbiy xizmatchi uchun zarur bo‘lgan boshlang‘ich kasbiy bilim va ko‘nikmalarga, yuksak vatanparvarlik va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega, yetuk va barkamol shaxs sifatida o‘z dunyoqarashlari bilan boshqalarni ergashtira oladigan yoshlarni tarbiyalash;
yetim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosog‘lom oilalarda yashayotgan, davlat va jamiyat ko‘magiga muhtoj bo‘lgan yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab:
tegishli akademik litsey va kasb-hunar kollejlarining ikkinchi va uchinchi bosqich o‘quvchilari O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining taqsimoti asosida yaqin hududdagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida amaldagi o‘quv dasturlari bo‘yicha ta'lim olishni yakunlaydilar hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejini tamomlaganlik to‘g‘risidagi davlat namunasidagi diplom oladilar;
Temurbeklar maktablarini butlash O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri va Milliy gvardiyasi qo‘mondoni tomonidan tasdiqlangan shtatlarga muvofiq amalga oshiriladi. Bunda, pedagog kadrlar lavozimlarini butlashda ustunlik yuqori malakali, ko‘p yillik pedagogik tajribaga va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan mutaxassislarga beriladi;
















