Jamiyat | 18:55 / 09.02.2019
37685
2 daqiqa o‘qiladi

Hamdardlik: Oqqon dardidan shifo topishi uchun xayriya aksiyasi tashkil qilingan Boburjon vafot etdi

Shu yilning yanvar oyida Kun.uz tahririyati Toshkent shahri Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutidagi ko‘makka muhtoj insonlarning zarur davo muolajalarini olishlari uchun xayriya aksiyasi boshlagan edi. Oqqon bilan og‘rigan o‘sha bemorlarning orasida Toshkent viloyati Zangiota tumanidan 4 yoshli Boburjon Turdiyev ham bor edi.

Xayriya aksiyasi davomida og‘ir dard bilan kurashayotgan jajji bemorning tuzalib ketishi uchun juda ko‘p ezgu niyatli insonlar yaqindan yordam berishga harakat qilishdi. Kimdir ma'lum mablag‘, kimdir shifoxonaga kelib va yana kimdir telefon qo‘ng‘iroqlari orqali bemor va uning yaqinlari holidan xabar olib, ruhan qo‘llab-quvvatlab turdi.

Afsuski, Boburjonning umri qisqa ekan. Tibbiyot xodimlarining sa'y-harakatlari ham yordam bermadi. Murg‘ak bolakay 6 fevral kuni hayotdan ko‘z yumdi.

Uning onasi Lola Turdiyeva aloqaga chiqib, mash'um xabarni yetkazdi.

“Bolam og‘ir dardga chidash bera olmadi. Berib qo‘ydik. O‘g‘limning shifo topishini so‘rab, yordamini, ruhiy daldasini ayamagan ezgu niyatli, saxovatpesha insonlarga rahmatimni yetkazing”, deydi uning onasi.

Bugun tahririyatimizga Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutidan yana bir xabar yetib keldi. Unga ko‘ra, Boburjonning otasi xayriya uchun yig‘ilgan mablag‘ni shifoxonada davolanayotgan boshqa bemorlarning shifo topishi uchun topshirib qaytibdi.

Murg‘ak bolajonning shifo topib ketishi uchun o‘tkazgan xayriya aksiyamizda qatnashgan insonlarga tahririyatimiz nomidan chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz. Barchamizni chin insoniylik sifatlari tark etmasin.

Kun.uz sayti marhum Boburjonning oila a'zolariga barchaning nomidan hamdardlik bildiradi.

Mavzuga oid