Biror hududda bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish avvalo hududdagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf etishdan boshlanadi. Maqsad bitta, u ham bo‘lsa aholi uchun qulay sharoit yaratish, ular yashayotgan hududni shaharsozlik talablariga moslashtirishdir.
Ammo bu jarayonda ayrim hollarda mahalliy hokimliklar va aholi o‘rtasida turli tushunmovchiliklar, nizolar kelib chiqayotgani ham bor gap.
Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Ishtixon tumani, «Jo‘ra Mahmudov» mahallasidagi ko‘pqavatli uylarda yashovchi aholidan kelib tushgan murojaat aynan shu mazmunda.
Ushbu murojaatni joyida o‘rganish uchun Ishtixon tumaniga yo‘l oldik va ushbu mahalla aholisining e'tirozlarini tingladik.

«Biz yashayotgan ko‘pqavatli uylar oldidagi hududda ehtiyojimiz uchun omborxona, tandirxona, hojatxonalar va boshqa qurilishlarni amalga oshirgandik. Xonadonlarda yetarli sharoit yo‘qligi uchun bir necha yillardan buyon ulardan foydalanib kelardik. Tuman mutasaddilari 2018 yil sentabr oyida noqonuniy qurilish vaji bilan ularni buzib tashladi. O‘sha vaqti tuman mutasaddilari ularning o‘rniga bolalar maydonchasi, umumiy hojatxonalar va aholi ehtiyoji uchun zarur qurilishlarni amalga oshirishga va'da bergandi. Oradan shuncha vaqt o‘tdi hamki, bu va'dalar bajarilmadi. Na o‘chog‘imiz bor, na tandirxonamiz. Xonadonlarda sharoit yo‘q. Kanalizatsiya eng katta muammo. Buzilgan qurilishlar o‘rnida xunuk manzara qoldi, xolos. Uylar orasidagi ko‘chalar abgor holatda. Eshitishimizcha, endi bu yerda tadbirkor tomonidan xususiy bolalar bog‘chasi qurilar ekan. Tuman hokimligidan vakillar kelib, bog‘cha quriladigan joyni ham bir necha marta ko‘rib ketishdi. Axir, bizga boshqa va'dalar berilgandi. Ammo endi bizning gaplarimizga quloq solishayotgani yo‘q. Bu yerda aholi ehtiyoji uchun boshqa zarur obektlar qurilishi kerak edi», – deydi mahalla aholisi.
O‘rganishimiz davomida ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham ko‘pqavatli uylar oldidagi noqonuniy qurilishlar buzib tashlangan. Umumiy hojatxonalar qurilishi hali yakuniga yetmagan. 6 va 8-uylar orasida buzilgan noqonuniy qurilishlar o‘rnida obodonlashtirish ishlari o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi sababli hududda xunuk manzara yuzaga kelgan.




















