Jamiyat | 12:40 / 13.02.2019
25531
4 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda yetti kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi 9 yilga qamaldi

Navoiyda ichkilik tufayli yetti kishining hayotiga zomin bo‘lgan shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Viloyatning Qiziltepa tumani hududida yetti kishining hayotiga zomin bo‘lgan ushbu mudhish yo‘l transport hodisasi to‘g‘risida xabar bergan edik.

Sudlanuvchi A. Qiziltepa tumani «XXX» MChJda haydovchi bo‘lib ishlab kelib, transport vositasini boshqaruvchi shaxs tomonidan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odamlar o‘limiga sababchi bo‘lgan. Shuningdek, u ehtiyotsizlik orqasida hamda xavf ostida qoldirish, ya'ni hayoti yoki sog‘ligi xavf ostida qolgan va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan shaxsga imkoniyati bo‘la turib yordam ko‘rsatmagan.

A. 2018 yil 10 oktabr kuni soat 01:00 larda o‘ziga «XXX» MChJ tomonidan biriktirilgan «SHAANXI SX» rusumli 85 442 XXX davlat raqamli yuk avtomashinasini mast holatda Karmana tuman hududidan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lidan Karmana-Qiziltepa tumanlari yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib kelib, ushbu yo‘lning 188-kilometriga yetib kelganida qayrilib olmoqchi bo‘lgan va bu manyovri xavfsiz ekanligiga va boshqa harakat qatnashchilariga xalaqit bermasligiga ishonch hosil qilishi kerakligi, qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanayotgan transport vositalariga yo‘l berishi shart ekanligiga qaramasdan yo‘lning qarama-qarshi tomonidan fuqaro G‘afur Rahmatovning boshqaruvida bo‘lgan «Neksiya-2» rusumli 85 697 XXX davlat raqamli avtomashinani harakatlanib kelayotganligini ko‘rgan bo‘lsa-da, ushbu avtomashinaga yo‘l bermasdan, boshqaruvida bo‘lgan avtomashina harakatini qayrilib olish uchun davom ettirishi natijasida «Neksiya-2» A.ning boshqaruvida bo‘lgan yuk avtomashinasining orqa o‘ng tomon burchagiga to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va oqibatda «Neksiya-2» rusumli avtomashinada yong‘in kelib chiqqan.

A. o‘zi tomonidan sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi natijasida «Neksiya-2» rusumli avtomashina haydovchisi va ushbu avtomashinadagi yo‘lovchilarning hayoti va sog‘ligi xavf ostida qolganligi va o‘zini o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lganligini to‘liq anglagan va ularning ushbu holatga tushib qolishiga bevosita o‘zi sababchi bo‘lsa-da, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatmasdan, hodisa sodir bo‘lgan joydan ketib qolgan.

Sodir etilgan yo‘l-transport hodisasi natijasida «Neksiya-2» rusumli avtomashina haydovchisi va avtomashinada bo‘lgan yana 6 nafar yo‘lovchilar, jumladan, 3 nafar voyaga yetmagan yosh bolalar voqea joyida vafot etgan.

Sudlanuvchi A. sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, yo‘l-transport xodisasi ro‘y bergan paytda oynadan qaragan vaqtida boshqaruvidagi avtomashinasiga urilgan avtomashinada yong‘in chiqqanligini ko‘rganligi, qo‘rqqanidan hodisa joyidan ketib qolganligi, qilmishidan pushaymonligini, oilaviy sharoitini og‘irligini bildirib, suddan yengillik berishni so‘ragan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudining sudya R.Xudoyberdiyeva raisligida o‘tgan majlisida sudlanuvchi A.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 266-moddasi 3-qismining «a» bandi hamda 117-moddasi 3-qismining «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybdor deb topib, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan unga 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda uzil-kesil 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.​

Mavzuga oid