Yurish –inson uchun eng oddiy va foydali mashg‘ulot. Econet.ru bir necha nufuzli manbalardan yurishning foydasiga oid ilmiy dalillar bilan bo‘lishdi.
Yurish tana uchun eng tabiiy jismoniy jarayon hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, aksariyat odamlar imkon qadar kamroq piyoda yurishga harakat qiladi. Insoniyat kamroq yurish uchun nimalar o‘ylab topmadi deysiz: eskalatorlar, liftlar, elektrosamakatlar, sigvey, avtomobillar va h.k. Vaholanki, ilmiy tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, aynan piyoda yurish – umrni uzaytirish uchun juda foydali mashg‘ulot.
Xo‘sh, nima uchun piyoda yurish – eng foydali mashg‘ulot?
1. Piyoda yurish – bu sekin yugurish
Biroz kulgili eshitilishi mumkin, lekin ekspertlar mantig‘iga tayanadigan bo‘lsak, jismoniy mashqlar samarasi uch omilga bog‘liq – intensivlik, davomiylik va mashqlarning umumiy chastotasi.
Nufuzli American Heart Association va American College of Spors Medicine tashkilotlari haftasiga kamida 5 marta, kuniga 30 daqiqa piyoda yurishni tavsiya qilishadi. Xuddi shu tashkilotlarning yugurish uchun tavsiyasi esa: haftada 3 marta, 20 daqiqadan.

2. Piyoda yurish va kaloriyalarni yo‘qotish
Masalan, 70 kg vaznga ega kishi yugurish vaqtida soatiga taxminan 500-600 kkal sarflaydi, xuddi shu odam piyoda yurish davomida soatiga 250 kkal sarflaydi. Boshqacha aytganda, ortiqcha kaloriyalarni yo‘qotish bo‘yicha yarim soatlik yugurish bir soat piyoda yurishga teng ekan.
Har qanday holatda ham, kaloriyalar ustida ishlash kerak bo‘lsa, yaxshilab o‘ylab ko‘ring, sizga 2-3 soat piyoda sayr qilgan ma'qulmi yoki 1 soat yugurish. Oxir-oqibat yo‘qotilgan kaloriyalar miqdori bo‘yicha samara bir xil bo‘ladi.
3. Ilm-fan piyoda yurishning foydasi haqida
Ekspert va olimlarning piyoda yurishning foydasi haqidagi fikrlarni Gippokratdan boshlash mumkin, u taxminan 2400 yil avval “Piyoda yurish – inson uchun eng yaxshi davo vositasi” deb aytgan.
University College London’ning ikki olimi 1970 yildan 2007 yilga qadar piyoda yurishga doir barcha tadqiqotlarning meta-tahlilini o‘tkazgan. Ular 4295 maqolani o‘rganib, ulardan ishonchlilik darajasi bo‘yicha eng yuqori hisoblangan 18 tasini saralab olgan. Bu 18 tadqiqot umumiy hisobda yurak kasalliklaridan jabrlanmagan 459 833 kishini qamrab olgan. Ularning bari 11,3 yil davomida nazorat ostida bo‘lgan, hammasi turli kasalliklar, asosan yurak-qon tomir tizimi kasalliklari (yurak xuruji, insultlar, qon tomirlari operatsiyasi, angioplastika, angina hamda o‘lim holatlari)ga kuzatilgan.
















