O‘zbekistonlik futbol muxlislari hech bo‘lmasa bir futbolchimiz Angliya Premer-Ligasida o‘ynasaydi deb orzu qilishadi. Lekin o‘zbekistonlik futbolchilardan biri Angliyada o‘ynagan desak xato bo‘lmaydi. O‘zbek futboliga befarq bo‘lmaganlar Piter Odemvingiyeni o‘zimizning futbolchi deb bilishadi. Piter Toshkent shahrida nigeriyalik shifokorlar oilasida tug‘ilgan.

Toshkent o‘zi uchun qadrli ekanini ko‘p bora ta'kidlagan Piterni Rossiyada ham yaxshi ko‘rishadi. Keyinchalik Nigeriya terma jamoasi va Angliya Premer-Ligasi yulduziga aylangan Odemvinge Toshkentda ruscha gaplashib ulg‘aygani sabab Rossiya chempionatiga tez moslashib ketadi. Uning onasi hamon Moskvada yashaydi.

Piter yaqinda Toshkentga kelgani yodingizda. Uning «Bunyodkor» safida paydo bo‘lishi mumkinligi xaqida xabarlar ham paydo bo‘ldi. Piterning Toshkentdan keyingi manzili Moskva bo‘ldi. Bu imkoniyatdan foydalangan Championat.com sayti Odemvingiyedan intervyu oldi.

Intervyu davomida nigeriyalik futbolchi «Paxtakor» bosh murabbiyi Shota Arveladze bilan yosh futbolchilar haqida gaplashganini hikoya qildi. Rus tilini yaxshi biladigan Piter ko‘plab mavzularda mulohazalarini bildirgan. Quyida suhbatning qiziqarli qismlarini keltiramiz.

– Bu yerlarni uncha yaxshi bilmayman. Misha Mossakovskiy (Match TV sharhlovchisi) yordamida topib keldim. Mening Moskvadagi gid-do‘stim aynan Misha (kuladi).

– Studiyamizga kirishda futbolchilarning rasmi orasida «Loko»dagi jamoadoshlaringizni ko‘rib xursand bo‘lgandirsiz?

– Ko‘rdingizmi, ular meni ko‘rgach xursand bo‘lishdi (kuladi). Sichyov (Dmitriy Sichyov), Diniyar (Bilyaletdinov), Samedov (Aleksandr Samedov). Ajoyib xotiralar yodga tushdi.

– «Lokomotiv»ning qaysi murabbiyi bilan ishlash sizga ma'qul kelgan?

– Barcha murabbiylar bilan yaxshi chiqishganman, chunki doim maydonga tushganman. Bir marta Yuriy Palich (Yuriy Pavlovich Syomin) kimningdir gapiga quloq solib meni zaxirada qoldirgan va bu orqali mendagi «olovni alanga oldirmoqchi bo‘lgan». O‘sha vaqtlar bir nechta o‘yinda gol ura olmayotgandim.

– Syominning eng esda qolarli ko‘rsatmasi?

– G‘alaba qozonishimiz shart bo‘lsa, u bir gapni aytardi: «Agar maydonda o‘tni yeyish kerak bo‘lsa, yenglar».

– Bir vaqtlar o‘zingizni «Lokomotiv»ning eng yaxshi futbolchisi deb aytgandingiz, hozir ham shunday o‘ylaysizmi?