Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoydan kirib kelayotgani taxmin qilinayotgan sun'iy tuxum bilan bog‘liq lavhalar juda tez tarqalyapti. Chindan ham bunday tuxum bormi, tabiiysidan qanday farqlanadi? Bu mahsulotni kim ishlab chiqarmoqda?
Sun'iy tuxum bilan bog‘liq ilk xabarlar bundan 10 yillar avval tarqala boshlagan. Hali internet u qadar ommalashmagan o‘sha paytlarda gazetalarda Xitoyda sun'iy tuxum ishlab chiqariluvchi kichik fabrikalar paydo bo‘lgani va o‘z mahsulotlarini sotishga kirishgani to‘g‘risida ma'lumotlar chop etilgandi. Bu ma'lumotlar dastlab Rossiya nashrlarida paydo bo‘lgan bo‘lib, u paytlarda hali bunday mahsulotlarning O‘zbekistonga kirib kelgani to‘g‘risida biror gap yo‘q edi.
Markaziy telekanallarda, yetakchi gazetalarda aynan shu mavzuda so‘z yuritilgan, sun'iy tuxum ko‘rsatilmagani holda bunday mahsulot ishlab chiqarish mumkin yoki mumkin emasligi muhokama qilingandi. Sohaning qator ekspertlari, parrandachilar, olimlardan iborat ishtirokchilar oxir-oqibat yakdil xulosaga kelishdi: sun'iy tuxum yaratish, mahsulot sifatida ishlab chiqarish mumkin emas!
Ular o‘z fikrlarini quyidagi asosiy dalillar bilan mustahkamlashdi:
1. Tuxum oddiygina mahsulot bo‘lgani bilan jiddiy tuzilmaga ega. Ayniqsa uning yadrosida tirik jon rivojlanishi ko‘p bosqichli va juda murakkab jarayondir;
2. Tabiiy tuxumning bahosi shu darajada arzonki, uni sun'iylashtirish hech bir jihatdan o‘zini oqlamaydi (ekspertlardan biri istehzo tariqasida shunday degandi: «bordi-yu kimdir erinmay birorta sun'iy tuxum yaratgan taqdirda ham u tuxumning bahosi «Faberjye» tuxuminikidan qimmat bo‘ladi);
3. Tuxumning mazasini bosuvchi mahsulot yaratishga urinish befoyda.
Shu bilan bu mavzu unutilgandek bo‘ldi – sun'iy tuxum masalasi tinchib ketdi. Bu orada taraqqiyot o‘z joyida turmadi, ayniqsa insoniyatning doimiy ehtiyoji bo‘lgan talabgir mahsulotlarni sun'iylashtirish bo‘yicha ham ancha qadamlar tashlandi. Bu borada yaqqol yetakchilikni Xitoy egallab oldi. Garchi bu davlat bunday tajribalar o‘tkazuvchi, ishlab chiqaruvchilarni ochiqdan-ochiq himoya qilmasa-da, faoliyatiga ham jiddiy to‘sqinlik yaratmasdi. Bu ham eksport, ish o‘rinlari, daromad deganday...
Internet ham rivojlanib ketdi. Dunyoning qaysidir burchagidagi qiziq bir jarayon zum o‘tmay boshqa davlatlarni ham aylanib chiqa boshladi. Aynan internet yordamida uddaburon xitoyliklar (keyinchalik Vetnam, Kambodja kabi davlatlar vakillari ham) avvaliga sun'iy guruch, keyin sun'iy sabzavotlar ishlab chiqarayotganiga guvoh bo‘ldik. Sabzavotlari yetib kelmagan bo‘lsa-da, sun'iy guruch hatto O‘zbekistonga ham kirib keldi.














