O‘zbek futbolidagi eng mashhur inson, shubhasiz, Ravshan Ermatov. Uni butun dunyoda tanishadi. Jahon Kuboklarida eng ko‘p o‘yinni boshqargan hamyurtimizning dunyo futbolidagi obro‘si ham baland. Ikkinchi marta Osiyo Kubogining final bahsi Ermatovga ishonib topshirilgani so‘zimiz isboti. Ravshan Ermatovni Kun.uz studiyasiga taklif qildik va u bilan faoliyati, umuman futbol hakamligi haqida suhbat qurdik.

«Saudiya chempionati kuchli»

Mehmonimiz yaqinda Saudiya Arabistonida bo‘lib qaytdi va u yerda mamlakat chempionati o‘yinlarini boshqardi. Ermatovdan Saudiya chempionatining darajasi haqida so‘radik. Uning aytishicha, u yerda chempionat o‘yinlari yaxshi darajada o‘tadi:

«Bugun futbol hakamlari boshqa chempionatlarda ishlashi odat tusiga kirdi. Bu yaxshi an'ana deb o‘ylayman. Saudiya futbolida so‘nggi yillarda o‘sish ko‘zga tashlandi. Ular oxirgi Jahon Chempionatida ham o‘ynashdi. Saudiya chempionati kuchli, o‘yinlari qiziqarli kechadi. U yerda kuchli legionerlar ko‘p. Muxlislar tashrifi ham yomon emas».

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Oldin «Manchester Yunayted»ni faqat televizorda ko‘rgandik»

Savollarimizning birinchi qismida Ravshan Ermatovdan uning faoliyatidagi esda qolarli o‘yinlar haqida so‘radik. 2008 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati finalini aynan Ermatov boshqargani yodingizda. O‘shanda musobaqaning finalida hamyurtimiz Nemanya Vidichga qizil kartochka ko‘rsatgandi. Mehmonimiz o‘sha o‘yin va o‘sha vaziyat haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

«Hozir o‘sha damdagi hissiyotlarim esimga tushib ketdi. Klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionati 2010 yilgi Jahon Chempionatiga tayyorgarlikning eng muhim bosqichlaridan biri edi. Mening jismoniy, nazariy ko‘rsatkichlarim yaxshi edi, lekin hali amaliy tomondan maydonda o‘zimni ko‘rsatishim kerak edi. Shu sabab siz eslatgan o‘yindan oldin hayajon katta bo‘lgan. Chunki biz «Manchester Yunayted»ni oldin faqat televizorda ko‘rgandik. Bu katta klub. O‘shanda Ronaldu ham «MYu»da o‘ynardi. O‘z navbatida Ekvador klubi ham o‘z qit'asining chempioni edi. Lekin to‘g‘risi, maydonda qanchalik katta jamoa borligining menga farqi yo‘q edi. O‘sha kuni men uchun qizil va qora jamoa bor edi xolos.