O‘zMTRK mediamarkazida Uzbekistan airways vakillari ishtirokida bugun tunda milliy aviakompaniyaning Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahri “Pulkovo” xalqaro aeroportiga HY631 reys bilan Toshkent – Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha uchib, qo‘nish chog‘ida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan UK 67008 raqamli Boeing 767-33P/ER samolyoti yuzasidan matbuot brifingi o‘tkazildi.
Brifingda Uzbekistan airways uchuvchilar majmuasi rahbari Denis Solodovnikov va aviakompaniya vakili Zumrad Shojalilova ishtirok etishdi.

Bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan chiqish qilar ekan, D.Solodovnikov shunday dedi:
“2 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 21:59 da (Toshkent vaqti bilan 23:59 da) Uzbekistan airways milliy aviakompaniyasining muntazam asosda amalga oshiriluvchi HY631 reysi bilan Toshkent – Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha uchayotgan samolyoti Sankt-Peterburg shahrining “Pulkovo” xalqaro aeroportiga qo‘nganidan so‘ng, uchish-qo‘nish yo‘lagidan burilishda toyib, qisman gruntga chiqib ketgan”.

D.Solodovnikovga ko‘ra, bunga ehtimolli sabab sifatida noqulay ob-havo sharoitlari, uchish-qo‘nish yo‘lagi va burilish yo‘lagining holati bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Samolyot bortida jami 241 nafar yo‘lovchi (jumladan, 5 nafar yosh bola) va 15 nafar ekipaj a'zolari bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi va Rosaviatsiya “Pulkovo” aeroportida ro‘y bergan hodisa yuzasidan surishtiruv boshlagan.
Ro‘y bergan voqeadan so‘ng HY632 Sankt-Peterburg – Toshkent reysining uchishi kechiktirilgan. Yo‘lovchilar mehmonxonaga joylashtirilgan.

Brifing davomida havo kemasi komandiri Alisher Karimov Sankt-Peterburgdan aloqaga chiqdi. U bo‘lgan voqeani gapirib berdi va voqea yuzasidan jurnalistlarning ayrim savollariga javob berdi.



















