Turizmni rivojlantirish nafaqat iqtisodiyot, balki ijtimoiy sohalar taraqqiyotiga ham xizmat qiladi, degan edi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Turizmni rivojlantirish milliy konsepsiyasiga ko‘ra, 2025 yilda xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
«Tan olish kerak, turizm sohasida ijobiy o‘zgarishlar ko‘p bo‘ldi, lekin 100 foiz yo‘lga qo‘yilmagan masalalar ham yetarlicha», — deydi Buxoro turizmi hamkor tashkilotlar assotsiatsiyasi ijrochi direktori Bekzod Idiyev.
Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan mutaxassis amaliyotda o‘zi duch kelayotgan muammolar yuzasidan mulohaza va takliflarini bayon qildi.
«Transport masalasi talabga javob bermaydi»

Yo‘lovchi tashish vositalari bizda yaxshigina rivojlangan, «Afrosiyob» deysizmi, «Drimlayner»mi... Lekin ularning narx-navosi va reyslarning kamligi noqulayliklar keltirib chiqaradi.
Shaharlararo qatnov mavjud emas, desak ham bo‘ladi. Logistikaning eng sodda va primitiv usullariga qarab qolganmiz. Poyezd va samolyotning vaqti to‘g‘ri kelmasa, mehmonning avtobusga kuni qoladi. Lekin avtobuslardagi ahvol juda achinarli.
Yaqinda o‘zim oilam bilan Turkiyaga borib keldim. Shaharlararo sayrga avtobusda qatnaganimga mutlaqo pushaymon bo‘lganim yo‘q. Yo‘lovchining hordiq chiqarishi uchun nimaiki kerak bo‘lsa, hammasi hozir: mini televizor, vay-fay, tekis yo‘l, yuqori darajadagi servis... Bizda esa bir shahardan ikkinchi shaharga avtobusda bormoqchi bo‘lgan odam tavbasiga tayanadi.
O‘zim ham turistik firmani yuritaman. «Afrosiyob» kunda atigi ikki mahal qatnaydi. Avtobuslar talab darajasida emas. Shunga qarab kun tartibini moslashtirishga majbur bo‘lasiz. Sayyoh esa vaqtni tejashi, qisqa muddatda ko‘p narsaga ulgurishi kerak. Yakka o‘zi keladigan sayyohlar-ku qancha ovoragarchilikka duch keladi.
«Turistik politsiya loyihada boshqacha edi»

Turistik politsiya loyihasining ishlab chiqilishida o‘zim bevosita ishtirok etganman. U sayyohlarning xavfsizligini ta'minlash, ularga maksimal qulaylik yaratishni ko‘zda tutadi. Loyiha bo‘yicha, tarixiy, amirlik, xonliklar davridagi kiyimlarda, til biladigan mirshablar bo‘lsa, turistik yo‘nalishlar bo‘ylab otda aylanib yursa, sayyohlar bilan suratga tushsa... Bu ham tarixiy, ertaknamo muhitni jonlantiradi, ham sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otadi.



















