Shu yilning 2 dekabr kunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Xorijiy turistlar uchun mamlakat jozibadorligini oshirish maqsadida davlatning viza siyosatini tubdan liberallashtirishni nazarda tutuvchi mazkur farmondagi tartib-qoidalar O‘zbekistonning turizm sohasidagi ijobiy qiyofasini yuqori darajaga ko‘tarish, mamlakatga turistlar oqimini talay darajada ko‘paytirish, shuningdek, mazkur sohadagi ishbilarmonlik faoliyatini kuchaytirish imkonini beradi. 

Aeroportlar, vokzallar hamda davlat chegarasi orqali boshqa o‘tish punktlarida xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasini tubdan oshirish xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlarida qulay shart-sharoitlar yaratilishining muhim omili hisoblanadi. Farmonda shu maqsadlarda quyidagilar nazarda tutiladi: 

2017 yilning 1 apreligacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun “yashil yo‘lak” bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish hamda transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish; 

- aeroportlar va vokzallarda rezidentlar va norezidentlarning pasport nazoratidan alohida-alohida o‘tishlarini tashkil qilish; 

- aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish. 

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni amalga oshirish asosiy transport uzellarida xizmatlar ko‘rsatish sifatining eng ilg‘or jahon standartlariga mos kelishini ta'minlashga, mamlakat xalqaro aeroportlari va vokzallarining reytingini oshirishga qaratilgan. 

Turizm sohasidagi tadbirkorlik faolligini yanada rag‘batlantirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm tashkilotlariga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish Farmonning yana bir muhim xususiyatidir. 

Jumladan: 

- turizm operatorlari ular tomonidan ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi; 

 - mehmonxonalar xorijiy valyutadagi tushumning faqat 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotadilar; 

 - xorijiy fuqarolar tomonidan mehmonxonalar xizmatiga haq to‘lash erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun to‘lov respublikaning davlat va byudjyet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar bundan mustasno;