Jamiyat | 18:15 / 11.03.2019
8347
5 daqiqa o‘qiladi

Yiliga 3 millionga yaqin kishi ichkilik tufayli vafot etmoqda

Foto: Vice.com

Alkogolizm, ya'ni ichkilikbozlik shu qadar ko‘hna illatki, insoniyat yaralganidan buyon mavjudday tuyuladi. Bu taxminda jon bor — chunki qadimgi suratlarda ham odamlar may ichib sarhush bo‘lgani aks etgan. Shu bilan birgalikda, insoniyat bor ekan, bu illatga qarshi kurash ham davom etaveradi. Faqat yutuqlar har xil bo‘ladi.

2000 yilda dunyo bo‘ylab 140 million kishi alkogolizmga chalingani, 2010 yilga kelib bu ko‘rsatkich 208 million kishiga yetgani qayd etilgan. Ahvol shu tarzda davom etsa, 2050 yilda aholi soni 9,5 milliard kishiga yetgani holda 500 million kishi bu illatga chalingan bo‘ladi. Shuningdek, yiliga 2,8 milliondan ortiq kishi mastligi tufayli shikastlanib yoki zaharlanib vafot etadi. Yanada ayanchlisi ularning 15 foizi 15 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlardir.

Ayni paytda dunyo bo‘ylab ichkilikbozlik muammosi eng muhim muammolardan biriga aylanib ulgurgan.

Spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish faqat o‘sha aroqxo‘rning organizmiga salbiy ta'sir qilish bilan cheklanib qolmaydi. Bunday odamlardan tug‘ilgan farzandlar qator kasalliklarga chalinib qolishi ehtimoli yuqori bo‘ladi. Xususan, bunday kishilardan oyoq-qo‘li nogiron, aqli zaif, sog‘lom ko‘rinsa-da o‘ta nimjon bolalar tug‘ilishi kuzatiladi. Bunday bolalarni parvarish qilish keyinchalik oila uchun ham, jamiyat uchun ham juda og‘ir muammoga aylanadi.

Ichkilikbozlikdan kelib chiqadigan yana bir jiddiy muammo borki, u ham yildan yilga ko‘proq kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda. Bu mastlik tufayli sodir etiladigan yo‘l-transport hodisalaridir. Har yili YTH tufayli dunyo bo‘ylab o‘rtacha 1,3 million kishi nobud bo‘lsa, bunday hodisalarning 7-8 foizi mastlik tufayli yuz beradi.

Turli davlatlar bu muammo bilan turlicha kurashadi. Belarus, AQSh kabi davlatlarda ichkilik ichib avtomobil boshqarganlar 10 ming AQSh dollari atrofida jarima to‘lashiga to‘g‘ri kelsa, Xitoyda mast holda YTH sodir etgan va kimningdir o‘limiga sabab bo‘lgan kishi qatl etilishi ham mumkin.

Spirtli ichimliklarning kasofati shu qadar ko‘pki, birma-bir sanab chiqish qiyin. Aroqxo‘r odam jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmaydi, odatda bunga intilmaydi ham. Uning oilasi notinch bo‘ladi, bunday muhitda ulg‘aygan farzandlarning ham tarbiyasi og‘ir bo‘ladi.

«Alkogolga tobelik surunkali, rivojlanib boruvchi kasallik (surunkali alkogolizm) bo‘lib, alkogol mahsulotlariga patologik moyillik, surunkali zaharlanish natijasida psixosomatik (ruhiy va jismoniy) va ijtimoiy asoratlar rivojlanishi bilan ifodalanadi», — deyiladi bu illatga berilgan tibbiy ta'rifda.

Ichkilikbozlikning sabablari turlicha, atrof-muhit, odamlarning ichkilikka undashi, irsiy omil, stress kabi sabablar bu illat rivojlanishida yetakchi rol o‘ynaydi.

JSSTning ichkilikbozlik bo‘yicha chiqargan oxirgi statistikasida O‘zbekiston 188 davlat orasida 131-o‘rinni egallagan. O‘zbekistonda bir yilda jon boshiga 3,5 litr alkogolli ichimliklar iste'mol qilinadi.

Ro‘yxatda yaqqol yetakchi Moldova davlatidir. Bu kichik davlat aholisi yiliga jon boshiga 18,2 litr miqdorida spirtli ichimlik iste'mol qiladi. Keyingi o‘rinlarda Chexiya (16,45 l), Vengriya (16,27 l), Rossiya (15,76 l), Ukraina (15,6 l), Estoniya (15,57 l), Andorra (15,48 l), Ruminiya (15,3 l), Sloveniya (15,19 l), Belarus (15,13 l) va Buyuk Britaniya (13,37 l) kabi davlatlar qayd etilgan.

Dunyo bo‘yicha har yili jon boshiga o‘rtacha 6,1 litr spirtli ichimlik ichiladi.

Garchi, O‘zbekistonda spirtli ichimliklar iste'moli ko‘rsatkichi ancha past bo‘lsa-da, baribir bu juda jiddiy muammo va muntazam nazoratni talab qiladi. Chunki, O‘zbekistonda oila buzilishlarining har uchinchisiga aynan ichkilikbozlik sabab bo‘lgani qayd etilgan.

Abror Zohidov

Mavzuga oid