AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida eʼlon qilgan videosida Samarqand shahrining global savdo chorrahasi sifatidagi tarixiy oʻrni qayta tiklanayotganini taʼkidladi.

U Vashington butun dunyo boʻylab sheriklik aloqalarini kengaytirayotgani, bu jarayonda Oʻzbekiston muhim oʻrin tutishini bildirib, Amerikaning yuzlab kompaniyalari bu yerga aniq kelishuvlar va uzoq muddatli hamkorlik uchun kelganini qayd etdi:

«Yer yuzida Samarqand kabi tarixan global savdoda muhim rol oʻynagan joylar kamdan kam uchraydi. Bugun bu yerda boʻlib, nafaqat tarixni yodga olish, balki kelajak uchun imkoniyatlar haqida fikr yuritish men uchun sharafdir».

Marko Rubioning taʼkidlashicha, AQSH savdo, ilm-fan va texnologiya sohalarida ulkan imkoniyatlarni koʻrmoqda.

Avvalroq u tashrif yakunlari boʻyicha milliardlab dollarlik kelishuvlar imzolanishi kutilayotganini aytib oʻtgandi. U AQSH Oʻzbekiston va mintaqa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini taʼkidlagan.