Vazirlar Mahkamasining respublika hayvonot bog‘lari infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot va seleksiya faoliyatini rivojlantirish, hayvonot bog‘lari kolleksiya fondini boyitish va o‘rnini to‘ldirish ishlarini tizimli tashkil etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash va faol joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston hayvonot bog‘larini jahonning yetakchi hayvonot bog‘lariga aylantirish maqsadida farmoyishi qabul qilindi.
Hujjat bilan hayvonot bog‘larini yanada rivojlantirish hamda ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi:
ikki oy muddatda - O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda hayvonot bog‘larining namunaviy shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Surxondaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda, chet el tajribasini o‘rgangan holda, tegishli ravishda Termiz, Farg‘ona, Samarqand va Toshkent hayvonot bog‘lari faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etishni va malakali mutaxassislarni jalb qilishni ta'minlaydi;
2019 yil 1 avgustgacha - manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Toshkent hayvonot bog‘ini ta'mirlash va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va moliyalashtirish manbalarini aniqlashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
2019 yil 1 sentyabrga qadar - hayvonot bog‘larining moliya-xo‘jalik faoliyatini shaffoflashtirish, daromad manbalarini kengaytirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish orqali hayvonot bog‘larini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi to‘liq moliyalashtirishga o‘tkazish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi;
hayvonot bog‘larida turli tadbirlarni o‘tkazish hamda ularning faoliyatiga oid ma'lumotlarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirib borishni ta'minlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Davlat veterinariya qo‘mitasi bilan birgalikda hayvonot bog‘lari bazasida qimmatbaho va noyob hayvonlar turlarini sun'iy chatishtirish hamda yangi juftlarni shakllantirish, kolleksiyalarning tur tarkibini genetik yangilash uchun noyob va yo‘qolib borayotgan hayvonlar seleksiyasini rivojlantirish bo‘yicha doimiy ishlarni olib boradi;
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi bilan birgalikda hayvonot bog‘larini mahalliy hayvonlar bilan boyitib borish ishlarini amalga oshiradi;















